Alvaresning “Arsenal”ga transferi nimaga bog‘liq ekani ma’lum bo‘ldi
“Arsenal” “Atletiko” hujumchisi Xulian Alvaresning transferi bo‘yicha vaziyatni kuzatib bormoqda. London klubi argentinalik futbolchini tarkibga qo‘shib olish uchun madridliklar bilan transfer summasi borasida kelishishga tayyor. Bu haqda insayder Fabritsio Romano ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, “Arsenal” Alvares uchun rasmiy taklifni faqat futbolchining o‘zi Londonga ko‘chib o‘tishni istagan taqdirda yuboradi. Shu sababli hujumchining pozitsiyasi ehtimoliy transferda asosiy omil bo‘lib qolmoqda.
Hozircha Alvaresning asosiy maqsadi “Barselona”ga o‘tish hisoblanadi. Shu bois “Arsenal”ning transfer bo‘yicha rejasi futbolchining qaroriga bevosita bog‘liq.
Ma’lumot uchun, avvalroq “Atletiko” muxlislari Alvaresning “Vilyarreal”ga qarshi uchrashuvda maydonga tushganida uni hushtakbozlik bilan qarshi olgan edi. Madrid klubi va argentinalik hujumchi atrofidagi vaziyat transfer mish-mishlarini yanada kuchaytirmoqda.