Alvares “Atletiko” rahbariyatidan norozi — u agentining keskin bayonotini qo‘llab-quvvatladi
“Atletiko Madrid” hujumchisi Xulian Alvares va klub rahbariyati o‘rtasidagi kelishmovchilik kuchayib bormoqda. Argentinalik futbolchining agenti Fernando Idalgo klub bosh direktori Migel Anxel Xil Marinni yolg‘onda ayblovchi mazmunda post e’lon qilgan. Alvares esa agentining bu chiqishini to‘liq qo‘llab-quvvatlagan.
Idalgo ijtimoiy tarmoqdagi postida yolg‘onchilar haqida keskin fikr bildirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu bayonot “Atletiko” rahbariyatiga, xususan Xil Maringa qaratilgan. Alvares ham klub direktorining tutgan pozitsiyasidan qattiq norozi ekani aytilmoqda.
Tomonlar o‘rtasidagi ziddiyatning asosiy sababi futbolchining “Barselona”ga o‘tish istagi bilan bog‘liq. Alvares faoliyatini Kataloniya klubida davom ettirishni xohlamoqda, biroq “Atletiko” uni La Ligadagi bevosita raqibiga sotishni istamayapti. Hujumchi boshqa klublardan ko‘ra aynan “Barselona” variantini ustun ko‘rmoqda.
Ma’lumot uchun, 26 yoshli Alvaresning “Atletiko” bilan shartnomasi 2030-yilgacha amal qiladi. Madrid klubi avval ham futbolchini sotish niyati yo‘qligini bildirgan, uning shartnomasidagi tovon puli esa 500 million yevroni tashkil etadi.