Alonso «Real»dan bo‘shatilishini asossiz va xato qaror deb atadi
Madridning «Real» klubi sobiq bosh murabbiyi Xabi Alonso o‘zining ishdan bo‘shatilishini asossiz va xato qaror deb atadi, deb xabar bermoqda The Athletic.
«Barselona»ga qarshi Ispaniya Superkubogi finalida (2:3) mag‘lubiyatdan so‘ng Alonso klubning mashg‘ulot bazasiga taklif qilingan. U yerda u «Real» bosh direktori Xose Anxel Sanches bilan uchrashuv o‘tkazgan va aynan shu suhbat davomida mutaxassisga hamkorlik to‘xtatilgani ma’lum qilingan.
Alonso bu qarorga qat’iyan rozi emasligini bildirib, uni adolatsiz va noto‘g‘ri deb baholagan. U ketish sabablarini klub ichida mavjud bo‘lgan «galaktikoslar hokimiyati madaniyati» bilan bog‘lagan.
Xabi Alonso Madrid jamoasini 2025 yil 1 iyundan boshlab boshqargan. Uning iste’fosi paytida «Real» La Liga turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda, Chempionlar ligasida esa yettinchi pog‘onada borayotgandi.