Alonso «Chelsi» taklifini qabul qilishga shoshilmayapti
Ispaniyalik mutaxassis Xabi Alonso "Chelsi" taklifiga shoshilmayapti. i Sport xabariga ko'ra, murabbiy kelajakda "Liverpul"dan taklif bo'lishi mumkinligini hisobga olmoqda.
Avvalroq "Chelsi" Xabi Alonsoni jamoa bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzod sifatida ko'rayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Manbaga ko'ra, Alonso "Liverpul"da bosh murabbiylik o'rni bo'shashi ehtimolini kutishni afzal bilmoqda. U futbolchilik faoliyati davomida mersisaydliklar safida besh mavsum to'p surgan.
Ayni paytda "Liverpul" bosh murabbiyi Arne Slotning kelajagi noaniqligicha qolmoqda. Klub rahbariyati mutaxassisga sabr bilan yondashishga tayyor bo'lsa-da, muxlislar ochiqchasiga norozilik bildirmoqda.
Manba ta'kidlashicha, agar Alonso "Liverpul" variantini o'ylamaganida, allaqachon "Chelsi" bosh murabbiyiga aylangan bo'lardi. Biroq London klubi kutish niyatida emas va yangi murabbiyni jahon chempionati boshlanishidan oldin tayinlashni rejalashtirmoqda.
Agar Xabi Alonso qaror qabul qilishni kechiktirsa, "Chelsi" muqobil variantlarga murojaat qilishga tayyor. Ro'yxatdan "Bornmut" ustozi Andoni Iraola, "Kristal Pelas" bosh murabbiyi Oliver Glasner, "Flamengo"ning sobiq murabbiyi Filipe Luis hamda "Fulhem" ustozi Marku Silva o'rin olgan.
Shu bilan birga, "Liverpul" ham Xabi Alonso masalasida ikkilanmoqda va to'rt kun avval "Real"dan murabbiy haqida ma'lumot so'ragan.