Alisson yozda «Yuventus»ning birinchi raqamli nishoni — Sky Sports
Italiyaning "Yuventus" klubi "Liverpul" darvozaboni Alisson Bekerni kelasi yoz uchun o'zining birinchi raqamli nishoniga aylantirdi, deya xabar beradi Sky Sports.
Manba ma'lumotlariga ko'ra, Italiya klubi kelasi yozda darvozabonni Turinga taklif qilish uchun jiddiy resurslar ajratmoqchi.
Ayni damda darvozabon "Liverpul" bilan shartnomasining so'nggi yiliga qadam qo'yish arafasida, qolaversa, klub mart oyidayoq kelishuvni 12 oyga uzaytirish bandini faollashtirgan edi.
Deyarli sakkiz yil davomida "Liverpul"ning birinchi raqamli darvozaboni bo'lgan Alisson sonining orqa mushaklari jarohati tufayli so'nggi beshta o'yinni o'tkazib yubordi, ammo mavsum oxirigacha safga qaytishi kerak.
"Liverpul" rahbarlari futbolchi bilan bog'liq vaziyatdan xabardor va agar 33 yoshli braziliyalik ketishga qaror qilsa, yangi darvozabon qidirishni boshlab yuborgan.