Aleksandr Xomyakov: Vaziyatlar yaratdik, lekin to'pga yakuniy zarbani bera olmadik
Superliga 24-turidan o'rin olgan "Buxoro" - "Paxtakor" (0:4) uchrashuvidan so'ng "Buxoro" bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
"O'yinimizga kelib bizni qo'llab turgan muxlislarga rahmat. Bugun ishqibozlarimiz yaxshi dalda berib turishdi. Afsuski, ularning ishonchini oqlay olmadik. Yaxshi sifatdagi jamoa bilan o'ynash oson bo'lmadi. Tezkor gol urishni maqsad qilgandik, bu ham o'xshamadi. Vaziyatlar yaratdik, lekin to'pga yakuniy zarbani bera olmadik.
Ikkinchi taymda nimanidir o'zgartirishga harakat qildik. Bizga gol kerak edi. Bugun hujum va himoyadagi muvozanatni topa olmadik. Raqib esa birin-ketish gollar urishda davom etdi. Afsuski, ko'p gol o'tkazib yubordik. Haqli g'alaba bilan "Paxtakor"ni tabriklayman. Meni xursand qilgan jihati, futbolchilarimiz oxirigacha qo'lni tushirmadi",-dedi mutaxassis.