Aleksandr Usik professional boksdagi so‘nggi jangini qachon o‘tkazishini ma'lum qildi
Og‘ir vazn toifasida mutlaq sobiq jahon chempioni Aleksandr Usik professional faoliyatidagi so‘nggi jangini qachon o‘tkazishi rejalashtirilgani haqida gapirdi.
Usikning aytishicha, u boksdagi faoliyatini 2026-yil oxiri yoki 2027-yil boshida yakunlashni rejalashtirmoqda.
"Bu mening 'So‘nggi raqsim' bo‘ladi. Jang AQShda, ehtimol Nyu-Yorkdagi stadionda o‘tkaziladi. Raqibim mashhur bokschi bo‘ladi. Bu jang yil oxirida, dekabr oyida yoki kelasi yil boshida bo‘lishi mumkin", — dedi Usik.
Ukrainalik bokschi, shuningdek, bo‘lajak jang tafsilotlari ustida hozirda uning jamoasi ishlayotganini ta'kidladi va ehtimoliy hamkorlar haqida hozircha izoh berishni istamadi.
Avvalroq Usik professional faoliyatini yakunlashdan oldin yana bitta jang o‘tkazishini ma'lum qilgandi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, uning ehtimoliy raqibi sifatida amerikalik sobiq jahon chempioni Deontey Uaylder ko‘rilmoqda. Muzokaralar davom etayotgani aytilmoqda.