Aleksandr Petrov OKMK bilan do‘stona xayrlashdi
Ko‘p yillar davomida Olmaliqning OKMK futzal klubi bosh murabbiyi sifatida faoliyat olib borgan Aleksandr Petrov jamoani tark etdi.
Klub matbuot xizmati ma’lum qilishicha, tajribali mutaxassis bilan tuzilgan mehnat shartnomasi muddati yakuniga yetgani sababli tomonlar o‘zaro hurmat va do‘stona ruhda xayrlashgan.
Aleksandr Petrov 2014–2026-yillar davomida, qariyb 12 yil mobaynida OKMKni boshqardi. Uning bosh murabbiyligi davrida Olmaliq jamoasi mamlakat futzalining yetakchi klublaridan biriga aylandi.
Ushbu davrda OKMK:
5 karra O‘zbekiston chempioni;
3 karra kumush medal sovrindori;
1 karra bronza medal sovrindori;
4 karra O‘zbekiston kubogi sohibi;
3 karra O‘zbekiston Superkubogi g‘olibi bo‘ldi.
Klub rahbariyati Aleksandr Petrovga ko‘p yillik samarali va fidokorona mehnati, tarixiy yutuqlari hamda klub taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun minnatdorlik bildirib, uning kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Shuningdek, klubning Telegram kanalida e’lon qilingan ma’lumotda O‘zbekiston futzal federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi tavsiyalariga muvofiq OKMKda keng ko‘lamli islohotlar boshlanganligi qayd etildi.
Ta’kidlanishicha, klub o‘z taraqqiyotining mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Boshqaruv tizimi takomillashtirilmoqda, yangi tarkib shakllantirilmoqda hamda murabbiylar shtabida ham qator o‘zgarishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur yangiliklar yuzasidan batafsil ma’lumot keyinchalik e’lon qilinishi bildirilgan.