Aleksandr Isak ogʻir jarohatidan soʻng safga qaytishga yaqin — Mirror
«Liverpul» va Shvetsiya terma jamoasi hujumchisi Aleksander Isak jarohatidan so‘ng tiklanish jarayonini yakunlamoqda. Dekabr oyida safdan chiqqan futbolchi mart oyidagi xalqaro tanaffusga qadar maydonga qaytishni rejalashtirmoqda.
Shvetsiyalik forvard «Tottenhem» himoyachisi Mikki van de Ven bilan to‘qnashuvda oyog‘ini sindirib olgan va to‘piq hamda kichik boldir suyagida jarrohlik amaliyotini o‘tagan edi. Ushbu jiddiy jarohat sababli Isak bir necha oyni o‘tkazib yubordi.
Klubning so‘nggi fotosuratlari Isakning bazada yakka tartibda mashg‘ulot olib borayotganini ko‘rsatmoqda. U ayni damda trenajyor zalida ishlamoqda va maydonda yengil futbol mashqlarini bajarmoqda.
Mirror nashri xabariga ko‘ra, Shvetsiya terma jamoasi bosh murabbiyi Grem Potter Isakning 26 mart kuni Ukrainaga qarshi kechadigan JCh-2026 saralash bahsida ishtirok etishidan umidvor. Potter bunday jarohatlardan so‘ng tiklanish uzoq va murakkab jarayon ekanini ta’kidlasa-da, hujumchining safga qaytish imkoniyatlarini yuqori baholagan.
Ma’lumot uchun, Isak joriy mavsumda klub miqyosida 16 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol muallifiga aylangan.