Aleksandr Andronikashvili: “Ishonchim komilki, bu qarorim muvaffaqiyatli boʻladi”
Bu yilgi mavsumda “Andijon” sharafini himoya qiladigan yangi futbolchilardan biri, gruziyalik legioner Aleksandr Andronikashvilining faoliyatida shubhasiz yangi sahifa ochilmoqda.
Tez orada burgutlar safiga qoʻshiladigan ushbu oʻyinchi klub matbuot xizmatiga dastlabki intervyusini berdi.
- “Andijon” klubiga oʻtishingiz qanday yuz bergani haqida toʻxtalib oʻtsangiz.
- Bilasizmi, hammasi juda tez va kutilmaganda sodir boʻldi.
- Adashmasam, siz “Dila” jamoasi bilan ikkita sovrin yutdingiz. Endi “Andijon” bilan ham birga sovrin yutishni xohlayotgandirsiz-a?
- Ha, 2025-yil bu borada muvaffaqiyatli boʻldi. Men “Andijon” bilan maksimal maqsadlar uchun kurashish borasida qoʻlimdan keladigan hamma narsani qilaman.
- Faoliyatingizda ilk bor legioner sifatida chetda toʻp surasiz. Bungacha nega legionerga aylanmagansiz?
- Ilgari ham variantlar bor edi. Lekin men toʻgʻri vaqtni va toʻgʻri tanlov uchun jamoani kutayotgandim. Ishonchim komilki, bu qarorim muvaffaqiyatli boʻladi.
- Oʻzbek futboli va xususan “Andijon” haqida nimalarni bilardingiz?
- Oʻzbekistonda futbolni juda yaxshi koʻrishlarini eshitdim. “Andijon”ga kelsak, ularning oʻzgacha muxlislari borligini bilaman.
- “Andijon” klubidan taklif haqida eshitganingizda ilk fikringiz qanday boʻldi?
- Menga koʻp narsalar yoqdi. Avvalo, murabbiy, muxlislar, mashgʻulot bazasi va stadion.
- Yangi jamoada qaysi raqamda oʻynashni xohlaysiz?
- Bu unchalik muhim emas. Lekin 6-raqam yaxshi boʻlardi. Chunki men bu raqam bilan muvaffaqiyatli mavsumlarni oʻtkazdim.
- Yana bir gruziyalik futbolchi - Ashortia ham “Andijon”da toʻp suradi. U bilan ham gaplashdingizmi?
- Ha, albatta. Men u bilan gaplashdim va Oʻzbekistonda oʻynash tajribasiga ega boʻlgan gruzin jamoadoshimga ega boʻlish juda yoqimli",- dedi futbolchi.