Aleksander Isak «PSJ»ga qarshi o‘yingacha safga qaytishi kutilmoqda — manba
«Liverpul»ning markaziy hujumchisi Aleksander Isak UEFA Chempionlar Ligasi chorak finali doirasidagi «PSJ»ga qarshi bahsgacha tiklanishga ulgurishi mumkin. Bu haqda Daily Mail nashri xabar bermoqda.
26 yoshli shvetsiyalik forvard allaqachon yakka tartibdagi mashg‘ulotlarga qaytgan va hozirda jarohatdan keyingi tiklanishning yakuniy bosqichini o‘tamoqda.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, mersisaydliklar bosh murabbiyi Arne Slot Aleksanderni «PSJ» bilan bo‘ladigan dastlabki uchrashuv qaydnomasigacha kiritishi mumkin. Javob o‘yiniga qadar esa hujumchi to‘liq tayyor holatga kelishi kutilmoqda. Eslatib o‘tamiz, dastlabki uchrashuv 8 aprelga, javob bahsi esa 14 aprelga belgilangan.
«Liverpul» Isakni 2025 yilning sentyabr oyida 145 million yevro evaziga sotib olgan edi. Joriy mavsumda hujumchi klub safida 16 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol va 1 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.