Aleksander Isak — “Liverpul”ning yozgi asosiy transfer maqsadi
“Liverpul” klubi yozgi transfer oynasida “Nyukasl”ning 25 yoshli hujumchisi Aleksander Isakni xarid qilishga jiddiy qiziqish bildirmoqda. The Telegraph nashriga ko‘ra, shved futbolchisi mersisaydliklarning ustuvor maqsadiga aylangan.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, “Nyukasl” Isak uchun kamida 120 million funt sterling (taxminan 144 million yevro) talab qilmoqda. “Liverpul” esa hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun bu miqdorni to‘lashga tayyor.
Avvalroq Isak klubning bir necha marta shartnomani uzaytirish borasida qilgan takliflarini rad etgani xabar qilingan edi.
Joriy mavsumda Isak barcha musobaqalarda 39 ta uchrashuvda maydonga tushib, 26 ta gol urdi va 6 ta golli uzatma amalga oshirdi. Uning amaldagi shartnomasi 2028 yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt sayti ma’lumotiga ko‘ra, Isakning bozor qiymati 100 million yevroni tashkil qiladi.