Alan Shirer: «Hakamlar VAR tizimiga haddan tashqari tayanib qolishgan, bu esa hakamlik sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda»
«Nyukasl» hamda Angliya terma jamoasining sobiq hujumchisi Alan Shirer ingliz futbolidagi hakamlik darajasidan norozi ekanligini bildirdi. Mazkur tanqidiy fikrlar Angliya Premyer-ligasining 31-turi doirasidagi «Manchester Yunayted» va «Bornmut» (2:2) uchrashuvidan so‘ng yangradi.
Bahsning 67-daqiqasida, hisob 1:0 ko‘rinishida «MYU» foydasiga hal bo‘layotgan bir vaziyatda, mankunianliklar hujumchisi Amad Diallo raqib jarima maydonchasiga yorib kirdi. O‘shanda «Bornmut» himoyachisi Adriyen Tryuffer uni qo‘llari bilan itarib yuborgan bo‘lsa-da, bosh hakam Styuart Atvell ushbu vaziyatda qoida buzilishini qayd etmadi.
Mazkur epizoddan so‘ng boshlangan qarshi hujum natijasida «Bornmut» muvozanatni tikladi, golli uzatmani esa aynan Tryuffer amalga oshirdi.
«Hozirgi hakamlik darajasi so‘nggi yillardagi eng yomoni bo‘lib turibdi va vaziyat tobora og‘irlashmoqda. Hakamlar VAR tizimiga haddan tashqari tayanib qolishgan, bu esa hakamlik sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Buning oqibatlari juda xunuk ko‘rinish olmoqda», — deya Shirerning so‘zlarini keltirmoqda BBC.