«Al Ittihod» Kante oʻrniga Kamavingani olib kelmoqchi
Saudiya Arabistonining «Al Ittihod» klubi Madridning «Real» jamoasi yarimhimoyachisi Eduardu Kamavingani o‘z safiga qo‘shib olish uchun yirik moliyaviy taklif tayyorlamoqda. Bu haqda 365Scores nashriga tayanib Mundo Deportivo xabar berdi.
Saudiya klubi fransiyalik futbolchini yaqinda Turkiyaning «Fenerbahche» jamoasiga o‘tgan tajribali tayanch yarimhimoyachisi N’Golo Kantening o‘rniga munosib o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda.
Kamavinganing «Real» bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan bo‘lsa-da, Saudiya Pro-ligasi jamoalari taklif qiladigan ulkan mablag‘lar nazariy jihatdan Ispaniya klubini bu transfer ustida o‘ylab ko‘rishga majbur qilishi mumkin.
«Al Ittihod» futbolchi bo‘yicha rasmiy harakatlarni yozgi transfer oynasida boshlashi kutilmoqda. Avvalroq Eduardu Kamavingaga Angliyaning «Liverpul» va «Arsenal» klublari ham qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.