«Al Ittihod» Enso Fernandes uchun «Chelsi»ga rasmiy taklif tayyorlamoqda
Saudiya Arabistonining «Al Ittihod» klubi «Chelsi» yarimhimoyachisi Enso Fernandesni o‘z safiga qo‘shib olish niyatida. Agar tomonlar o‘zaro kelishuvga erisha olsalar, argentinalik futbolchi ushbu jamoaga o‘tishi mumkin. Bu haqda jurnalist va insayder Ekrem Konur xabar bermoqda.
Garchi Fernandesning o‘zi Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tishga shubha bilan qarayotgan bo‘lsa-da, klubning moliyaviy imkoniyatlari uning fikrini o‘zgartirishga turtki bo‘lishi mumkin. Shuningdek, futbolchini «PSJ» va «Real Madrid» kabi Yevropa gigantlari ham diqqat bilan kuzatib borishmoqda va ular transfer uchun asosiy da’vogarlar qatorida ko‘rilmoqda.
O‘z navbatida, «Chelsi» Fernandesni jamoada olib qolishga harakat qilmoqda va unga yanada yaxshilangan shartlarga ega yangi shartnoma taklif etmoqda. Joriy mavsumda yari himoyachi «aristokratlar» safida 46 ta o‘yinda maydonga tushib, 12 ta gol va 6 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Uning London klubi bilan amaldagi shartnomasi 2032 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, bozor qiymati 90 million yevroni tashkil etadi.