“Al-Ahli” bosh murabbiyi: Andijon jamoasini oʻyinlarini koʻrib chiqdik, raqib xavfli
Ertaga boʻlib oʻtadigan “Al-Ahli” - “Andijon” uchrashuvi oldidan “Al Tumama” stadionida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Unda dastlab mezbonlarning yangi bosh murabbiyi Yunus Ali va futbolchi Ibrahim Diallo qatnashdilar.
Yunus Ali: - “Andijon”ga qarshi biz uchun muhim oʻyin. Guruhdagi barcha uchrashuvlar singari jiddiy. Soʻnggi ikki hafta davomida ushbu bahsga puxta tayyorgarlik koʻrdik. Nimalarga qodirligimizni koʻrsatishni xohlaymiz. “Andijon” ham musobaqa davomida oʻzini qanaqa kuchga egaligini namoyish eta oldi va kuchli jamoaligini koʻrsatdi. Ularning oʻyin uslubi ham yaxshi shakllangan. Bizni qiyin oʻyin kutib turibdi. Toʻliq kuch bilan yondashishimiz talab etiladi.
Ibrahim Diallo: - Bu oʻziga yarasha qiyin oʻyin boʻladi. Mavsum oʻrtasida katta pauza yuzaga keldi. Biz ikki haftadan beri rasmiy uchrashuvlarni oʻynayotganimiz yoʻq. Shu sababli bizga biroz qiyinroq boʻladi. Murabbiy tayinlanishiga kelsak, bu futbolda boʻlib turadigan jarayon. Mavsum oʻrtasida murabbiy almashdi. Oʻrtadagi tanaffusni hisobga olsak, bu xuddi yangi mavsum boshlanayotgandek. Tayyorgarlik koʻrishga imkoniyat boʻladi. Jamoa ichidagi muhit yaxshi, deb ayta olaman. Yangi murabbiy ish boshlaganidan jamoa xursand. Ushbu bellashuvga imkon qadar yaxshiroq tayyorgarlik koʻrishga harakat qildik.
- “Andijon” jamoasining oʻyin uslubi haqida nima deya olasiz? Qaysi jihatlariga koʻproq eʼtibor qaratish kerak?
Yunus Ali: - “Andijon” jamoasini oʻyinlarini koʻrib chiqdik. Shunga amin boʻldikki, ular ancha tartibli oʻyin koʻrsatishadi. Imkon qadar maydon boʻylab tartibli oʻynashga harakat qilishadi. Standart vaziyatlardan oʻyin masalasini hal qilishga ham intilishadi. Ushbu vaziyatlarga jiddiy eʼtibor qaratadi. Shu tomonlama ham “Andijon” xavfli. Biz raqibning kuchli tomonlarini yaxshilab oʻrganib chiqib, ularni bartaraf etishga harakat qilamiz.
- Tarkibda jarohat olgan oʻyinchilar bormi?
Yunus Ali: - Bizda jarohatlar yoʻq. Oxirgi oʻyindan avvalgi mashgʻulotni aʼlo kayfiyatda tugatdik. Hayriyatki, jarohatlar kuzatilmadi. Ertangi uchrashuvga biz toʻliq kuch va tarkib bilan maydonga chiqamiz.