locale OZ

Akmal Shorahmedov: uperligada qolish va Osiyo Chempionlar ligasida gʻalaba qozonish uchun bundan yaxshiroq oʻyin koʻrsatishimiz kerak

Andijon bosh murabbiyi Xorazm bilan o'yindan keyin fikr bildirdi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Akmal Shorahmedov: uperligada qolish va Osiyo Chempionlar ligasida gʻalaba qozonish uchun bundan yaxshiroq oʻyin koʻrsatishimiz kerak
photo: Andijon fk

“Andijon” - “Xorazm” (3:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida burgutlarning vaqtinchalik bosh murabbiyi Akmal Shorahmedov qatnashdi va OAV vakillarining savollariga javob qaytardi.

- Oʻyin juda muhim edi. “Xorazm” uchun ham oxirgi imkoniyat edi. Shu bois uchrashuvni oldindan qiyin oʻtishini bilardik. Yarim himoyada muammolarimiz koʻp edi. Ikkinchi taym shunaqa boʻlishini ham bilardik. Men kamdan-kam oʻyindan qoniqaman. Yutgan boʻlsak ham hali ishlaydigan ishlarimiz koʻp. Muhimi, natija. Ammo Superligada qolish va Osiyo Chempionlar ligasida gʻalaba qozonish uchun bundan yaxshiroq oʻyin koʻrsatishimiz kerak. Natijadan qoniqdim, oʻyindan qoniqmadim. Yigitlarga yechinish xonasida aytdim, bundan yaxshiroq oʻynashimiz kerak. Kunimiz kam. Baribir “Arkadag”ga qarshi uchrashuvga yaxshiroq holatda chiqishga harakat qilamiz.

- Ikkinchi boʻlimda jamoa erta himoyaga oʻtdi. Shundan keyin ikkinchi gol oʻtkazildi. Oxirida esa Islom Mamatkazin tushirildi va 5 ta himoyachiga oʻtildi. Bunga munosabatingiz qanday?

- Ochiq aytishimiz kerak, hujumda kuchaytiradigan oʻyinchimiz yoʻq. Zaxirada yosh futbolchilar bor. Lekin meni fikrimcha, ular hozircha bizga yordam bera olmaydi. Baquvvat, jussasi katta futbolchilarga qarshi yosh yigitlarni tushirishdan koʻra 5 ta himoyachiga oʻtishni toʻgʻriroq deb oʻyladim. Oxirida natija uchun oʻynadik, buni tan olamiz. Birinchi boʻlimda tezkor futbolchilarimiz oʻynadi. Ikkinchi taymda tezkor yigitlarni almashtirganimizdan soʻng oʻyinni berib qoʻydik.

- Bektemir Abdumannonov doim qanot oʻyinchisi hisoblanadi. Bugungi uchrashuvda esa oʻrtada oʻynadi. Bu aynan futbolchilarni yoʻqligi sabablimi?

- Faqat bu sabab emas. Jamoada yarim yildan beri ishlab kelyapman. Oʻzim uni oldindan oʻrtada ham oʻynatishni xohlardim. Bektemirni oʻzi ham biladi, undan oʻrtada oʻynashni bilasanmi deb soʻraganimdla “Olimpik”da ham oʻrtada oʻynaganini aytdi. Muhammadkarim Toirov toʻrtinchi sariq kartochkasi tufayli bu oʻyinni oʻtkazib yuborishi aniq boʻlgach, ikki kun davomida Bektemirni markazda tayyorladik. Bizga oʻrtada tezkor, kreativ oʻyinchi kerak. Hujumni tezlashtiruvchi futbolchi sifatida uni tanladik. Menimcha, birinchi taymda koʻproq foyda berdi. Bundan keyin ham uni oʻsha pozitsiyada oʻynatamiz.

- 26-noyabr kuni “Andijon”ni “Arkadag”ga qarshi yana bir muhim oʻyin kutib turibdi. Yana durang boʻlsa, jamoa guruhda qolib ketishi mumkin.

- Buni oʻzimiz ham bilamiz. Bugungi uchrashuvda ham tavakkal qilib uchta hujumchi bilan tushdik. Qayerdadir orqada ham tavakkal qildik. Lekin natijasini berdi. “Arkadag”ga qarshi boshqacha oʻyin sxemalarini oʻylab qoʻyganmiz. Qoʻldan kelganicha harakat qilamiz. Menimcha, “Arkadag” ham oʻyin borasida “Xorazm”dan u qadar kuchli emas. “Arkadag”da jismonan baquvvat oʻyinchilar bor. Boʻlajak uchrashuvga tayyorlanish uchun vaqtimiz bor. Hujumkor oʻyin koʻrsatishga harakat qilamiz. Bu oxirgi imkoniyatimiz. Tavakkal qilamiz.

- Debyutini oʻtkazgan Abbos Abdugʻafforovning oʻyini haqida fikringiz qanday?

- Koʻryapsizlar, bizda tayanch yarim himoyasida oʻyinchilarimiz yoʻq. Bu bolani U21 oʻyiniga borib kuzatganimda menga yoqib qolgandi. Shuning uchun qoʻrqmasdan asosiy tarkibda tushirdik. Agar oʻzimga yoqsa kimnidir asosiy tarkibda maydonga tushirishdan qoʻrqmayman.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting