Akmal Rustamov: «Hakami qoida buzilishini atayin kutdi»
Superliga 22-turidan o‘rin olgan «Qizilqum» - «Nasaf» (0:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Akmal Rustamov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O‘yin haqida fikringiz qanday?
- O‘yinni juda yaxshi o‘tkazdik. Hamma futbolchilarga borlarini bergani uchun rahmat aytaman. Biz jiddiy hozirlik ko‘rgandik. Vaziyatlar bo‘ldi, agar foydalanganimizda hisob boshqacha bo‘lardi. Bu — futbol, kimdir yutadi, kimdir yutqazadi. Jamoamiz ishtirokidagi uchrashuvlarda eng og‘riqli nuqta deb bemalol aytsam bo‘ladi, mana nechanchi o‘yindurki hakamlardan aziyat chekyapmiz. Hakamlardan deb ochko yo‘qotyapmiz. Bugungi uchrashuvni olaylik, birinchi taymning o‘zida to‘p raqib futbolchisi qo‘liga ikki marta tegdi. Hakami VARni eshitib ham "tegmagan" deb hisoblayapti. Men umuman tushunmay qoldim.
90-daqiqada yuz bergan holatni olaylik, hakam xuddi shu vaziyatni kutgandek yo‘l tutdi. Hakami nimadir qoida buzilishini atayin kutdi. Yuqori tashkilotlardan jamoamiz ishtirokidagi o‘yinlarda hakamlikni ko‘rib chiqishlarini so‘rayman. Futbolchilarimiz 90 daqiqa tinmay harakat qilyapti, lekin hakamning xatosidan yutqazib qo‘yyapmiz. Bu hakam (Ibrohim Ismoilov) "Andijon" bilan o‘yinda golimizni hisoblamagandi. OKMK bilan bahsda esa penalti bermagan. Hozir yana shu ishni qilyapti. "Nasaf"ga yordam kerak emas. Ular chempion jamoa. Lekin baribir yordam beryapti.
- Bozorovning "Nasaf"ga qarshi bahsdagi harakatlari haqida
- Biz hammaga birin-ketin imkon beryapmiz. Bozorov bugun yaxshi harakat qildi. Unda ancha o‘sish bor. Penalti bo‘lgan vaziyatni ko‘rdingiz, hakam VARga murojaat qilishni xohlamadi ham. Birdaniga o‘zi qaror chiqardi. O‘sha payt futbolchimizga nisbatan qoida buzilgandi, lekin hakam indamadi. Bozorovning o‘yiniga keladigan bo‘lsak, uning harakatlaridan qoniqdim», — deya Rustamovning so‘zlaridan keltiradi "Qizilqum" matbuot xizmati.