Aichi-Nagoya-2026: O‘zbekiston U-23 bronza medalidan ham quruq qoldi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Aichi-Nagoya-2026 Osiyo o‘yinlarining bronza medali uchun bahsida Xitoyga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berdi. Uchrashuvning asosiy vaqti 2:2 hisobida yakunlangan bo‘lsa, penaltilar seriyasida Xitoy 4:3 hisobida g‘alaba qozondi.
Hisob 15-daqiqada Hu Hetao tomonidan ochildi. 43-daqiqada Sardor Bahromov aniq zarba bilan muvozanatni tikladi — 1:1. Ikkinchi bo‘limning 54-daqiqasida Wang Yudong uzoq masofadan chiroyli gol urib, Xitoyni yana oldinga olib chiqdi.
O‘zbekiston uchrashuv so‘nggida mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. 90-daqiqada Shodiyor Shodiboyev darvozabon qaytargan to‘pni darvozaga joylab, hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirdi. Dastlab gol ofsayd sabab bekor qilingan bo‘lsa-da, VAR tekshiruvidan keyin gol inobatga olindi. Penaltilar seriyasida esa Xitoy 4:3 hisobida ustun keldi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi yarim finalda ham Yaponiyaga qarshi 1:1 hisobida durang o‘ynab, penaltilar seriyasida 8:9 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi. Shu tariqa Ravshan Haydarov shogirdlari Osiyo o‘yinlarini 4-o‘rinda yakunladi.