Aichi-Nagoya-2026: O‘zbekiston ayollar jamoasi chorak finalda yurishini to‘xtatdi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo o‘yinlarining chorak finalida Koreya Respublikasiga qarshi maydonga tushib, 3:6 hisobida imkoniyatni boy berdi. Shu tariqa Kotrina Kulbite boshchiligidagi jamoamizning turnirdagi ishtiroki chorak finalda yakunlandi.
Gollarga boy kechgan uchrashuvda O‘zbekiston safida Diyora Habibullayeva 11-daqiqada, Nilufar Qudratova esa 66-daqiqada raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Jamoamizning yana bir goli 64-daqiqada koreyalik Jang Sel Gining avtogoli evaziga qayd etildi. Koreya safida Choe Yu-Ri dubl, Su Jeong Yun xet-trik muallifiga aylangan bo‘lsa, yana bir golni Kim Min Ji kiritdi.
O‘zbekiston birinchi bo‘limni 1:4 hisobida ortda yakunlaganiga qaramay, tanaffusdan keyin bahsga qaytishga muvaffaq bo‘ldi. 66-daqiqaga kelib vakillarimiz hisobdagi farqni bir golgacha qisqartirdi — 4:3. Biroq uchrashuvning so‘nggi qismida koreyalik futbolchilar yana ikki bor gol urib, 6:3 hisobidagi g‘alabani rasmiylashtirdi va yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston ayollar terma jamoasi guruh bosqichida Filippin va Xitoy bilan 1:1 hisobida durang o‘ynab, Gonkongni 2:1 hisobida mag‘lub etgan edi. Jamoamiz 5 ochko bilan guruhda ikkinchi o‘rinni egallab, chorak final yo‘llanmasiga ega chiqqandi.