Ahror Ravshanbekov: «Yaponiyaga qarshi o‘yinda ham dubl yoki xet-trik qilishga harakat qilaman»
U17 Osiyo Kubogida ishtirok etayotgan O‘zbekiston U17 terma jamoamiz jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani bilan bir qatorda musobaqadagi ishtirokini davom ettirmoqda.
Kecha chorak finalda Janubiy Koreyaga qarshi o‘yin 2:2 hisobida yakunlandi va penaltilar seriyasida vakillarimiz g‘alaba qozondi hamda yarim finalga yo‘l oldi. Endi finalga chiqish uchun Yaponiyaga qarshi bellashamiz.
Terma jamoamiz tarkibida “Andijon” jamoamiz futbolchisi Ahror Ravshanbekov ham ishtirok etmoqda va u barchaning ishonchini qozonmoqda. Koreyaga qarshi o‘yinda u ikkita gol urdi. Hozirgacha 4 ta gol muallifiga aylangan Ravshanbekovning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi katta.
“Andijon” klubi matbuot xizmati esa Ahror bilan bog‘landi va undan intervyu oldi.
— Ahror, avvalo, ajoyib o‘yin bilan tabriklayman. Janubiy Koreyaga qarshi o‘yindan qanday taassurotlar qoldi?
— O‘yinda g‘alaba qozonishimizga ishonardik. Albatta, yutganimizdan juda xursand bo‘ldik. Endi yarim finalda Yaponiyaga qarshi bo‘ladigan o‘yinga kayfiyat tayyorlayapmiz.
— Siz uchrashuvda dublga erishdingiz va o‘zingizni ko‘rsata oldingiz. Ikkita gol urishingizni kutganmidingiz? Bu haqda nima deya olasiz?
— Bu chempionatdagi maqsadim to‘purar bo‘lish. Aslida Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda xet-trik qilish niyatim bor edi. Mayli, ikkita gol urish yozilgan ekan, ikkita to‘p kiritdim.
— Musobaqa davomida adashmasam gollaringiz 4 taga yetdi va to‘purar bo‘lib turibsiz. Asosiy maqsadingiz ham aynan to‘purar bo‘lishmi yoki omad kelayaptimi? Yana nechta gol urmoqchisiz?
— Gollarim soni 4 taga yetdi. Oldimizda yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘yin kutib turibdi. Ushbu o‘yinda ham dubl yoki xet-trik qilishga harakat qilaman. Faqat omad bilan bog‘liq emas. Men o‘zimga maqsad qo‘yganman va shuning uchun qattiq mehnat va harakat qilayapman.
— Yarim finalda endi Yaponiya turibdi. Bo‘ladigan o‘yinga tayyorgarlik qanday olib borilmoqda va nima kutyapsiz?
— Yaponiyaga qarshi o‘yinga 100 foiz tayyormiz. Murabbiylarimizning ko‘rsatmalari bilan Xudo xohlasa g‘alaba qozonib, finalga chiqamiz. Avval aytganimdek, bo‘ladigan o‘yinda ham o‘zimni yaxshi tomondan ko‘rsatib, 2-3 ta gol urish maqsadim bor.
— Jahon chempionati yo‘llanmasi ham qo‘lga kiritildi. O‘shanda nimalarni his qildingiz?
— Albatta, jahon chempionatiga chiqqanimizdan baxtiyormiz. Lekin bizning maqsadimiz shu bilan tugamagan. Osiyo Kubogida finalga chiqib, chempionlikni qo‘lga kiritish asosiy vazifamiz.
— Barcha muxlislar va shu jumladan Andijon xalqi ham kuzatib, qo‘llab-quvvatlamoqda. Janubiy Koreyaga qarshi o‘yindan keyin ilk tabriklarni kimdan oldingiz?
— Avvalo, ota-onam tabriklashdi. Amakilarim, do‘stlarim, oshna-og‘aynilarimdan tabriklar keldi.
— Mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgach, jamoada ishtiyoq va shijoat yanada ko‘tarilgandir-a?
— Albatta, jamoamizning o‘ziga ishonchi ancha oshdi. Koreyaga qarshi o‘yindan keyin ham o‘zimizga bo‘lgan ishonch yanada kuchaydi. Xudo xohlasa, Yaponiyani yutsak va maqsadimizga erishsak, Osiyoda eng zo‘ri bo‘lamiz.
— Odatda chorak final yarim finaldan og‘ir bo‘ladi, deyishadi. Shu fikrga qo‘shilasizmi?
— Albatta, o‘ziga yarasha qiyin bo‘ladi. Chorak final ham, yarim final ham finalga teng o‘yinlar. Buning ustiga raqiblarimiz kuchli edi. Janubiy Koreya ham ana shundaylardan biri edi. Yaponiya bilan ham qiyin o‘yin bo‘ladi. Bo‘ladigan raqibimiz yaxshi formaga ega, jamoasi zo‘r.