Ahmadullo Muqimjonov bilan shartnoma uzaytirildi
OKMK professional futbol klubi jamoa tarkibini shakllantirish va chiziqlar o‘rtasidagi muvozanatni saqlash maqsadida navbatdagi muhim bitimni imzoladi. Jamoamizning iqtidorli chap qanot himoyachisi Ahmadullo Muqimjonov bilan amaldagi shartnoma muddati uzaytirildi.
Yangi kelishuvga ko‘ra, Ahmadullo kelgusi 3 yil davomida (2028-yil yakuniga qadar) «konchilar» sharafini himoya qiladi. U o‘zining tezkorligi, qanot bo‘ylab samarali harakatlari va himoyadagi qat’iyati bilan jamoamizning chap qanotini yopishda katta hajmdagi ishni bajarib kelmoqda.
Muqimjonovning o‘yinni kengaytirishdagi mahorati, uzatmalardagi aniqligi va jamoaviy himoyadagi professionalizmi murabbiylar shtabi tomonidan yuqori baholanadi. Uning tarkibda qolishi OKMK FKning mudofaa barqarorligini ta’minlash bilan birga, hujumkorlik salohiyatini ham oshirishga xizmat qiladi.