Agirre: «Angliyaga qarshi o‘yin Meksika futboli tarixidagi muhim uchrashuvlardan biri bo‘ladi»
Meksika terma jamoasi bosh murabbiyi Xavyer Agirre 2026 yilgi Jahon chempionati 1/8 finalida Angliyaga qarshi o‘yin oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Ularning tarkibida Angliya chempionatida ham, boshqa mamlakatlarda ham to‘p surayotgan yuqori saviyali futbolchilar bor. Ular jismonan kuchli va sifatli futbol namoyish etadi.
Gareth Southgate kelgach, Angliyaning o‘yin uslubi qanday o‘zgarganini yaxshi eslayman, Thomas Tuchel esa shu yo‘nalishni davom ettirdi. Bu jamoa ikki xil uslubda o‘ynay oladi. Ilgari ular tezkor va to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qilar, raqibga bosim o‘tkazardi.
Hozir ham shunday o‘ynaydi, ammo bu ish bermasa, o‘yin uslubini o‘zgartira oladi. Meksika futboli tarixida ko‘plab unutilmas uchrashuvlar bo‘lgan. Ertangi bahs ham shulardan biri bo‘ladi”, — dedi Agirre FIFA rasmiy saytiga.
Meksika va Angliya o‘rtasidagi Jahon chempionati 1/8 final uchrashuvi 6 iyul kuni bo‘lib o‘tadi. G‘olib jamoa musobaqaning chorak finaliga yo‘l oladi.