Agar yaxshi taklif tushsa «Real» yozda Kamavingani sotishga tayyor — manba
Madridning «Real» klubi 23 yoshli yarimhimoyachi Eduardu Kamavingani yozgi transfer oynasida sotish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. L’Équipe nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, klubga foydali taklif tushgan taqdirda futbolchi jamoani tark etishi mumkin.
Nashrning ma’lum qilishicha, Madrid klubi rahbariyati fransiyalik futbolchining o‘z salohiyatini to‘liq namoyon eta olmayotganidan norozi. Kamavinga endilikda jamoaning «daxlsiz» futbolchilari qatoriga kirmaydi va ayni damda uning «Real»dagi faoliyatini davom ettirishidan ko‘ra, ketish ehtimoli yuqoriroq baholanmoqda.
Futbolchining kelajagi uchun eng asosiy variant sifatida Angliya Premyer-ligasi ko‘rilmoqda.
Eduardu Kamavinga 2021 yilning avgust oyida 40 million yevro evaziga «Real» safiga kelib qo‘shilgan va 2027 yilga qadar shartnoma imzolagan edi. Joriy mavsumda yarimhimoyachi barcha musobaqalarda 35 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol urishga va 1 ta samarali uzatmani amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi.