Agar Klopp «Real»ga kelsa, qaysi futbolchilarni jamoada ko‘rmasligi maʼlum boʻldi
Dortmundning «Borussiya» va «Liverpul» klublarining sobiq bosh murabbiyi Yurgen Klopp 2026 yil yozida Madridning «Real» klubini boshqaradigan bo‘lsa, transferlar borasida to‘liq nazoratni talab qiladi. Bu haqda Ispaniyadagi manbalarga tayanib, Topskills Sports UK xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Klopp futbolchilarni sotib olish va sotish bo‘yicha barcha qarorlarni shaxsan o‘zi qabul qilmoqchi. Shuningdek, hozirgi tarkibdagi ikki futbolchi nemis mutaxassisining rejalariga kirmaydi. Gap «Real»ning qanot himoyachilari Dani Karvaxal va Ferlan Mendi haqida bormoqda.
Avvalroq matbuotda «Real»ning Yurgen Kloppga qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.
Eslatib o‘tamiz, «Real» 2025 yil yozidan buyon jamoani boshqarib kelgan Xabi Alonsoni iste’foga chiqardi. Uning o‘rnini klubning sobiq futbolchisi Alvaro Arbeloa egalladi. Ispaniya chempionatida Madrid klubi 20 turdan so‘ng 48 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda.