AFC–UEFA Women’s Football Program dasturi doirasida tashkil etilgan uch kunlik seminar yakunlandi
“AFC–UEFA Women’s Football Program” dasturi doirasida tashkil etilgan uch kunlik seminar yakunlandi. Ushbu tadbir ayollar futbolini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun muhim platformaga aylandi.
Uch kun davomida ishtirokchilar 2025-yil uchun ayollar futbolini rivojlantirish strategiyasi ijrosi bo‘yicha yakunlarni sarhisob qildilar, erishilgan natijalarni tahlil etdilar hamda kelgusidagi ishlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar. Ayniqsa, ayollar klub futboli tizimini mustahkamlash, futbolchilarning tayyorgarlik darajasini oshirish va ayollar jamoalari rivoji uchun barqaror infratuzilma yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar doirasida ayollar klublari direktorlari va murabbiylari bilan mazmunli muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, mavjud muammolar hamda ayollar klub futbolini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Tadbirning asosiy mavzularidan biri 5 yoshdan 8 yoshgacha bo‘lgan qizlar uchun mo‘ljallangan yangi — “Play&Shine” dasturining yaqin kunlarda yo‘lga qo‘yilishi bo‘ldi. Ushbu loyiha bolalar orasida futbolni ommalashtirish, qizlarning sportga ilk qadam qo‘yishi uchun imkoniyat yaratish hamda ularda yoshligidan futbolga qiziqish uyg‘otishga qaratilgan.
Mazkur seminar ayollar futbolini yanada rivojlantirish, futbol ekotizimidagi barcha ishtirokchilar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va uzoq muddatli tashabbuslarni amalga oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.