AFA rasmiy akkauntlari misrlik xakerlar tomonidan buzib kirildi
Argentina futbol assotsiatsiyasi (AFA) rasmiy akkauntlari misrlik xakerlar hujumiga uchradi. Bu haqda MDZ Radio nashri xabar bermoqda.
Ushbu voqea JCh-2026 turnirining 1/8 finalida Argentina terma jamoasi Misrni 3:2 hisobida mag‘lub etganidan so‘ng sodir bo‘ldi. O‘shanda Misr futbol federatsiyasi o‘yinni boshqargan fransiyalik hakam Fransua Letekse boshchiligidagi butun brigadaning qarorlaridan norozi bo‘lib, ularni turnirdan chetlashtirishni talab qilgandi.
Ma’lum qilinishicha, xakerlar assotsiatsiya ma’lumotlar bazasining bir qismiga, jumladan, elektron pochta va IP-manzillar hamda parollarga kirish huquqini qo‘lga kiritishgan.
Kiberhujumdan so‘ng, AFA’da akkreditatsiyadan o‘tgan bir nechta jurnalistlarga “AFA Medios” deb rasmiylashtirilgan pochtadan elektron xatlar kelgan. Misrlik xakerlar guruhiga tegishli ekani aytilayotgan xat matnida hakamlik shubha ostiga olingan va shunday deyilgan: “O‘g‘rilik e’tiborsiz qolmaydi”. Shuningdek, xabarda: “Agar maydonda adolat bo‘lmasa, ijtimoiy tarmoqlaringizda tinchlik kutmang”, deya tahdid qilingan.
AFA o‘z akkauntidan bunday xabarlar yuborilgani ehtimolini tasdiqladi, biroq bu xat tashkilot tomonidan yozilmagani va bunga ruxsat berilmaganini ta’kidladi. Assotsiatsiya vakillari tizimga noqonuniy kirish holati bo‘yicha surishtiruv boshlanganini ma’lum qilib, voqea ko‘lami to‘liq aniqlanmaguncha, jurnalistlardan har qanday shubhali xatlarga e’tibor bermaslikni so‘rashdi.