Abdurashid Ismoilov: “Futbolchilar vadasini ustidan chiqishdi”
Bugun “Andijon” U21 jamoamiz Navoiyda “Qizilqum” U21 ga qarshi maydonga tushib 1:3 hisobidagi muhim g'alabani qo'lga kiritdi.
O'yindan keyin U21 jamoamiz ustozi Abdurashid Ismoilov klub matbuot xizmatiga o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
- Bugungi tug'ilgan kuningiz uchun g'alaba ajoyib sovg'a bo'ldi. Taassurotlar qanday?
- O'yindan oldin futbolchilarga motivasiya berdim, ular esa menga bugungi o'yinni sizga bag'ishlaymiz deb motivasiya berishdi. Vadasini ustidan chiqishdi. Birinchi bo'limda ustunlik bizni qo'limizda bo'ldi. Ikkinchi bo'lim boshida biroz ustunlik ularga o'tdi. Ammo ikkinchi goldan keyin yigitlar yana “ochilishdi”. Zaxiradagi o'yinchilarimizdan foydalandik va ular o'yinni tempini tushirishmadi, aksincha qo'shishdi. Uchinchi golni urganimizdan so'ng raqib jamoa bizga gol urish uchun oldinga intilgan bo'lsa, bizda yana 3-4 ta qulay imkoniyatlar bo'ldi. Yigitlar aytgan so'zini ustidan chiqishganidan xursandman. Keyingi uchrashuvni safarda “Neftchi” bilan o'tkazamiz. Har safar vodiy derbisi murakkab kechadi. Bo'lajak o'yinga ham yaxshi tayyorgarlik ko'ramiz. Men futbolchilarimga ishonaman, keyingi uchrashuvda ham g'alaba qozonib, turnir jadvalida yanada yuqorilashishga harakat qilamiz.
- Xamidullo Karimov dublga erishdi va u umumiy hisobda 3 ta gol bilan to'purar bo'lib turibdi...
- Xamidullo Karimov ikki yildan beri o'rinbosarlar tarkibida to'purar bo'lib kelyapti. Yangi mavsum boshlangach, uchta gol urishga ulgurdi. Unga tilagim, mavqeini yanada mustahkamlab, asosiy tarkibga harakat qilishini xohlayman.
- Oldin ham sira tug'ilgan kuningizga o'yin to'g'ri kelganmi?
- Yo'q, bunaqa holat bo'lmagan. Lekin o'zim shu narsani sezib yurgandim. Chunki bizda chempionat 26 fevralda boshlandi. Keyingi o'yin martni boshida deyishganida 3-sanaga to'g'ri kelgani meni quvontirdi. 55 yoshda yubiley hisoblanadi, xursand bo'lib safar o'yiniga keldim. O'yinni 3 mart kuniga belgilangani menga ikki karra yoqimli tuyuldi.