Abduqodir Husanovning o‘yinga nega qo‘shilmagani ma’lum bo‘ldi
2-aprel kuni soat 23:45 da Angliya Premer-ligasining 30-tur doirasida «Manchester Siti» va «Lester Siti» jamoalari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Manchester klubi «Lester» ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi – 2:0. Uchrashuvning 2-daqiqasida Jek Grilish hisobni ochgan bo‘lsa, 29-daqiqada Omar Marmush farqni oshirdi.
Diqqatga sazovor jihati shundaki, o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov o‘yin uchun qaydnomaga kiritilmadi. Ko‘pchilik bunga futbolchining jarohati sabab bo‘lishi mumkin deb o‘yladi, biroq «Manchester Siti» rasmiy bayonot berib, vaziyatga oydinlik kiritdi. Angliya klubi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Husanov hech qanday jarohat olmagan. Jamoa murabbiylari unga ushbu uchrashuvda dam berishni maqsad qilgan, shunda u keyingi o‘yinga yaxshi sport formasida tayyor bo‘lishi mumkin.
Keyingi uchrashuv 6-aprel kuni «Manchester Siti» va «Manchester Yunayted» jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 20:30 da boshlanadi.
Angliya Premer-ligasi. 30-tur
Manchester Siti – Lester Siti – 2:0
Gollar: Grilish 2, Marmush 29