Abduqodir Husanov transfer masalasida klublarga javob berdi
Pro Sports Management agentligi rahbari German Tkachenko "Nobel" YouTube-kanaliga bergan intervyusida Abduqodir Husanovning transferi haqida qiziqarli ma'lumotlarni oshkor qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning barcha yetakchi klublari o‘zbekistonlik himoyachini o‘z safiga qo‘shib olishni istagan, biroq buni uddalay olishmagan:
"Husanovga kelsak — Rossiyaning barcha klublari uni olishni xohladi. Hammasi. Ammo bunga erisha olishmadi. Dastlabki reja Belarus orqali edi. Uning yo‘lini ochganlar shunday qaror qildi. Keyin esa 'Lens' ishga kirishdi — va ular bilan raqobat qilish juda qiyin edi", — dedi Tkachenko.
Abduqodir Husanov Yevropadagi faoliyatini Belarusning "Energetik-BGU" jamoasida boshlagan. 2023 yili u Fransiyaning "Lens" klubiga o‘tdi. 2025 yil yanvarda esa 20 yoshli himoyachining transferi "Manchester Siti" tomonidan 40 million funtga amalga oshirildi.
Hozirgi kunda Husanov Markaziy Osiyodagi eng istiqbolli futbolchilardan biri sifatida e'tirof etilmoqda. Uning Angliyaning top klubiga o‘tishi transfer bozorida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.