Abbosbek Fayzullayev: Nikolićning ketishi o‘yin uslubiga qaytish imkonini beradimi?


Rossiya chempionatida bronza medali va mamlakat Kubogini qo‘lga kiritgan serb mutaxassisi Marko Nikolić CSKAdagi faoliyatini yakunlamoqda. Mozzart Sport nashriga ko‘ra, u yaqin kunlarda Gretsiyaning AEK (Afina) klubi bosh murabbiyi etib tayinlanadi. Tomonlar ikki yillik shartnomaga kelishib olgan, afinaliklar esa CSKAga 600 ming yevro kompensatsiya to‘laydi.
Nikolić bilan birga uning yordamchilari — Radoje Smilyanić, Aleksandr Rogić hamda jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mutaxassis Goran Basarić ham jamoani tark etadi. Bu esa CSKAda butun murabbiylar shtabi yangilanishi kerakligini anglatadi.
O‘zbekiston terma jamoasi yulduzi Abbosbek Fayzullayev esa Nikolić davrida klubda o‘ziga noan’anaviy rolda harakat qilgandi. Ilgari qanotda faol o‘yin namoyon etgan futbolchi markazga o‘tkazildi va undan ko‘proq himoyaviy funksiyalar hamda moslashuvchan o‘yin talab qilindi. Bu uning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi va muxlislar orasidagi mavqeini pasaytirdi.
Shunga qaramasdan, Nikolić uning salohiyatiga ishonch bildirgandi:
— Agar u hujumni yakunlashdagi kamchiliklarini bartaraf etsa, bir mavsumda 10 gol va 10 assistga yetishi mumkin, — degan edi murabbiy.Fayzullayevning o‘zi ham vaziyatni tan olgan:
— Shaxsiy natijalarim unchalik yaxshi bo‘lmadi… Yangi pozitsiyaga moslashishga to‘g‘ri keldi. Men hali ham o‘z ustimda ishlayapman va raqobatdan qo‘rqmayman, — degan edi u.
Endi esa 21 yoshli yarim himoyachi uchun yangi imkoniyatlar ochiladi. Yangi murabbiy kelishi bilan CSKA avvalgi sxemaga qaytishi mumkin, bu esa Fayzullayevning o‘zini erkin his qilgan pozitsiyasiga qaytishiga olib keladi. Klub ham, muxlislar ham undan yana ilgarigidek yorqin o‘yin kutmoqda.

Futbol
Kecha da 15:55

Futbol
Kecha da 13:50

Futbol
Kecha da 10:19