Abbosbek Fayzullayev nega o'yinida pasayish kuzatilayotganiga izoh berdi


Moskvaning SSKA klubi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev Rossiya Premyer-ligasining joriy mavsumidagi o'yini haqida fikr bildirdi.
- Joriy mavsumdagi o'yiningizni qanday baholagan bo'lar edingiz? Siz o'tgan yildagidek yo'rqin o'yin ko'rsata olmayapsiz.
- Ikkinchi davradagi ko'rsatkichim o'zgarganga o'xshayapti. Aytmoqchimanki, bu men uchun yangi pozitsiya, men ko'proq ortga qaytib o'ynayapman. Shu sabab, men yana o'tgan yilgi ishlarimni qila olmayman deb o'ylayman.
Lekin eng muhimi men jamoaga yordam berishni xohlayman. Agar murabbiy meni o'sha yerga qo'yib, u yerda menga imkon bersa, men o'ynab, jamoaga yordam berishga harakat qilaman.
- Marko Nilolich (SSKA murabbiyi) bilan bu mavzuni muhokama qildingizmi?
- Ha, albatta. Murabbiy mening jismoniy holatimni yaxshi biladi. Qishki yig'in chog'ida sinovlar o'tkazdik va men yaxshi natijalarga erishdim. Shuning uchun murabbiy meni shu pozitsiyaga qo'ydi. U menga bu yerda qanday o'ynashni o'rgatadi, men esa harakat qilaman”, - deya Fayzullayevning so'zlarini keltiradi Match TV.
Ma'lumot uchun, Abbosbek Fayzullayev joriy mavsum SSKA safida jami 33 ta o'yinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 7 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning Transfermarkt'dagi narxi 8 million yevroga baholanmoqda.