locale OZ

A Seriya telehuquqlari bo‘yicha 3,2 milliard yevrolik kelishuv muhokama qilinmoqda

AQSHning Avenue Capital investitsiya kompaniyasi chempionatning xorijdagi mediahuquqlariga egalik qiluvchi yangi kompaniyadan ulush sotib olish bo‘yicha asosiy da’vogarga aylandi.
A Seriya telehuquqlari bo‘yicha 3,2 milliard yevrolik kelishuv muhokama qilinmoqda
Foto: Getty Images

Italiya A Seriyasi xalqaro translyatsiya huquqlarini boshqarish tizimiga yirik investorni jalb qilish arafasida turibdi. AQSHning Avenue Capital investitsiya kompaniyasi chempionatning xorijdagi mediahuquqlariga egalik qiluvchi yangi kompaniyadan ulush sotib olish bo‘yicha asosiy da’vogarga aylandi. Taklifga ko‘ra, mazkur kompaniyaning umumiy qiymati 3,2 milliard yevroga baholanmoqda. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, Avenue Capital yangi tashkil etiladigan kompaniyaning 10 foiz ulushini 320 million yevroga sotib olishni taklif qilgan. Mazkur tuzilma A Seriyaning xalqaro teletranslyatsiya, homiylik va bukmekerlik faoliyatiga oid tijoriy huquqlarini boshqaradi. 16-oktabr kuni Italiya chempionati klublari investorlar tomonidan taqdim etilgan takliflarni dastlabki muhokamadan o‘tkazgan. Hozircha Avenue Capital taklifi eng maqbul variant sifatida ko‘rilmoqda.

Shuningdek, Amerikaning Carlyle va Italiyaning Nextalia kompaniyalari hamkorlikda 17 foiz ulush uchun qariyb 650 million yevro taklif qilgan. Ularning taklifida kompaniyaning umumiy qiymati 3,75 milliard yevroga baholangan. Biroq Avenue Capital taklifi moliyaviy jihatdan sodda tuzilgani va kelajakdagi daromadlar bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar talab qilinmagani sabab ustunlikka ega bo‘lmoqda. A Seriya klublari kelgusi haftalarda barcha takliflarni batafsil ko‘rib chiqadi.

Ma’lumot uchun, A Seriyaning xalqaro mediahuquqlaridan olinadigan yillik daromad qariyb 250 million yevroni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Angliya Premyer-ligasi va Ispaniya La Ligasi daromadlaridan ancha past. Shu sababli Italiya chempionati xorijiy bozordagi mavqeini mustahkamlash va tijoriy daromadlarini oshirishni maqsad qilgan. Kelishuv amalga oshishi uchun A Seriyaning 20 ta klubidan kamida 14 tasi uni ma’qullashi kerak. Hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting