A Seriya. «Roma» 90+4 va 90+11 daqiqalarda urilgan gollar evaziga «Parma»dan ustun keldi
Italiya A Seriyasining 36-turi doirasida «Parma» va «Roma» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yakunlandi. Murosasiz kechgan o‘yin Rim klubining 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvda hisobni Doniell Malen ochdi — rimliklar hujumchisi birinchi bo‘lim o‘rtalarida, ya’ni 22-daqiqada raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Ikkinchi bo‘lim boshida, 47-daqiqada mezbonlar yarim himoyachisi Gabriel Strefezza muvozanatni tikladi. 87-daqiqada esa Mandela Keyta «Parma»ni hisobda oldinga olib chiqdi.
O‘yinning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan to‘rtinchi daqiqada (90+4) himoyachi Devayn Rensh hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirdi. 90+9-daqiqada mezbonlar a’zosi Sasha Brichgi qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Bahsning so‘nggi soniyalarida, 90+11-daqiqada Doniell Malen penaltini aniq amalga oshirib, dubl qayd etdi va «Roma»ga qiyin g‘alabani taqdim etdi.
Ushbu o‘yindan so‘ng, «Parma» 36 ta o‘yinda 42 ochko bilan Italiya chempionati turnir jadvalida 13-o‘rinni egallab turibdi. «Roma» esa 67 ochko jamg‘argan holda 5-pog‘onadan joy olgan.