78 yoshli Rednapp «Tottenhem»ni boshqarishga tayyorligini maʼlum qildi
78 yoshli tajribali mutaxassis Garri Rednapp sobiq jamoasi — Londonning «Tottenhem» klubi bosh murabbiyligiga qaytishga tayyorligini ma’lum qildi. Ushbu bayonot 11 fevral kuni jamoa rahbariyati Tomas Frankni iste’foga chiqarganidan so‘ng e'lon qilindi.
Sky Sports nashriga bergan intervyusida Rednapp klubga qaytish taklifini hech qanday ikkilanishlarsiz qabul qilishini, biroq vaziyatga real ko‘z bilan qarashini ta’kidladi. U o‘zining imkoniyatlarini yuqori baholab, hozirgi vaziyatda ham jamoani boshqarishga kuchi yetishini bildirgan.
Mutaxassisning fikricha, hozirda «shporlar»ga futbolning oddiy, ammo muhim asoslariga qaytadigan murabbiy kerak. U jamoada qattiq mehnat, to‘p yo‘qotilganda uni qaytarib olish uchun kurashish va o‘zaro birdamlikni shakllantirish zarurligini aytdi.
Rednappning ta’kidlashicha, yangi murabbiy futbolchilarga ishonch bag‘ishlab, ularni o‘z kuchiga ishontira olsa, ijobiy natijalarga erishish mumkin, biroq bu jarayon oson kechmaydi.
Ma’lumot uchun, Garri Rednapp 2008 yildan 2012 yilgacha «Tottenhem»ni boshqargan va uning davrida jamoa o‘z tarixida ilk bor Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi.