53 o‘yindan keyin ilk mag‘lubiyat: Jazoir klubi Indzagining «Al-Hilol»dagi tarixiy seriyasiga nuqta qo‘ydi
53 o‘yindan keyin ilk mag‘lubiyat: Jazoir klubi Indzagining «Al-Hilol»dagi tarixiy seriyasiga nuqta qo‘ydi.
Italiyalik murabbiy Simone Indzagining «Al-Hilol»dagi ajoyib mag‘lubiyatsiz seriyasi yakuniga yetdi. Saudiya klubi bosh murabbiyi 53 ta uchrashuvdan so‘ng ilk bor mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi.
Chorshanba kuni Avstriyadagi xorijiy yig‘in doirasida o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida «MS Aljir» «Al-Hilol»ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi.
Bu Indzagi uchun «Al-Hilol» boshqaruvidagi o‘rtoqlik va rasmiy o‘yinlar hisobga olinganda 53 ta uchrashuvdan keyingi ilk mag‘lubiyat bo‘ldi. Umumiy hisobda esa bu italiyalik mutaxassisning Saudiya klubi boshqaruvidagi ikkinchi mag‘lubiyati hisoblanadi.
Indzagi bundan avval faqat bir marta mag‘lub bo‘lgandi. O‘tgan yilning 4-iyul kuni «Al-Hilol» 2025-yilgi klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati chorakfinalida Braziliyaning “Fluminense” klubiga 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan edi.
Shundan keyin «Al-Hilol» Indzagi qo‘l ostida 53 ta uchrashuv o‘tkazdi. Ularning 5 tasi o‘rtoqlik, 48 tasi esa rasmiy bahs bo‘lgan. Saudiya klubi ushbu o‘yinlarning barchasida mag‘lub bo‘lmagan — g‘alaba qozongan yoki durang o‘ynagan. Bu seriyaga aynan Jazoirning «MS Aljir» klubi nuqta qo‘ydi.
«Al-Hilol» avvalroq OFK Chempionlar ligasi Elitasi 1/8 finalida Qatarning «As-Sadd» klubiga imkoniyatni boy bergandi. Biroq o‘sha uchrashuvning asosiy va qo‘shimcha vaqti 3:3 hisobida yakunlangan, g‘olib esa penaltilar seriyasida aniqlangan.
Simone Indzagi «Al-Hilol»ni 2025-yilgi klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati boshlanishidan buyon boshqarib kelmoqda. U jamoani Saudiya Qirol kubogidagi g‘alabaga olib borgan. Biroq mamlakat chempionligi qo‘shni va azaliy raqib «An-Nasr»ga nasib etgan. Shunga qaramay, Indzagi ichki musobaqalarda uzoq vaqt davomida mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgandi.