2027 yilgi U-20 Jahon chempionatiga Ozarbayjon va O‘zbekiston mezbonlik qiladi
2027 yilgi 20 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi FIFA Jahon chempionatiga O‘zbekiston va Ozarbayjon birgalikda mezbonlik qilishi belgilandi.
Bu bo‘yicha bugun FIFA Kengashining navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qilindi, deb yozadi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi axborot xizmati.
Xabarda aytilishicha, mazkur musobaqa FIFA tomonidan o‘tkaziladigan milliy terma jamoalar o‘rtasidagi Jahon chempionatidan keyingi ikkinchi nufuzli musobaqa hisoblanadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz ko‘plab yirik xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilib, katta tajriba orttirdi. Xususan, 2024 yilda yurtimizda o‘tkazilgan FIFA Futzal Jahon chempionati yuqori saviyada tashkil etilgani xalqaro futbol hamjamiyati tomonidan alohida e’tirof etildi. Mazkur musobaqalar, shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislarning xalqaro miqyosdagi yirik turnirlarni o‘tkazish bo‘yicha yetarlicha tajriba va salohiyat to‘plashiga imkoniyat yaratdi.
2027 yilga kelib dunyoning eng iqtidorli yosh futbolchilari FIFA U-20 Jahon chempionatida ishtirok etish uchun O‘zbekiston va Ozarbayjonda to‘planishadi. Yurtimiz, har doimgidek, o‘zining mehmondo‘stligi, professional yondashuvi, futbolga fidoyiligi va albatta futbolsevar muxlislarining mehri bilan butun dunyo e’tiborini qozonishga tayyor.