2026-yilgi “Oltin to‘p” nominantlari qachon e’lon qilinishi ma’lum bo‘ldi
2026-yilgi “Oltin to‘p” sovriniga da’vogar futbolchilar ro‘yxati 8-sentabr kuni e’lon qilinadi. Bu haqda mukofotning rasmiy manbalari ma’lum qildi. Nominantlar ro‘yxati taqdirlash marosimidan qariyb bir yarim oy oldin ommaga taqdim etiladi.
Erkaklar o‘rtasidagi “Oltin to‘p” uchun 30 nafar futbolchi, ayollar o‘rtasidagi sovrin uchun ham 30 nafar nomzod tanlab olinadi. Bundan tashqari, eng yaxshi yosh futbolchi, yil darvozaboni, yil murabbiyi, eng yaxshi hujumchi hamda yilning eng yaxshi klubi kabi boshqa nominatsiyalar bo‘yicha ham da’vogarlar e’lon qilinadi.
2026-yilgi “Oltin to‘p” taqdirlash marosimi 26-oktabr kuni Londonda bo‘lib o‘tadi. Bu mukofot tarixidagi 70-marosim bo‘ladi. Tashkilotchilar yubiley munosabati bilan tadbirni Parijdan Londonga ko‘chirishga qaror qilgan. Bu tanlov 1956-yilda ilk “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan angliyalik Stenli Metyusga hurmat sifatida amalga oshirilgan.
Ma’lumot uchun, “Oltin to‘p”ning amaldagi sohibi — PSJ hujumchisi Usmon Dembele. 2026-yilgi sovrin uchun asosiy da’vogarlar qatorida Lamin Yamal, Kilian Mbappe, Lionel Messi, Harri Keyn, Rodri va Xvicha Kvaratsxeliya kabi futbolchilar tilga olinmoqda. Yakuniy 30 talik ro‘yxat esa 8-sentabr kuni rasman ma’lum bo‘ladi.