19 yoshli futbolchi Asalxon Aminjonova faoliyatini Qozog‘istonning \"Qiziljar\" klubida davom ettiradi.
O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi a’zosi Asalxon Aminjonova faoliyatida navbatdagi muhim qadamni tashladi. 19 yoshli futbolchi faoliyatini Qozog‘istonning "Qiziljar" klubida davom ettiradi. Bu transfer nafaqat uning shaxsiy rivojlanishi, balki o‘zbek ayollar futbolining xalqaro maydondagi navbatdagi yutug‘i sifatida ham e’tiborga loyiq.
Asalxon Aminjonova 2007 yil 22 aprel kuni Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida tavallud topgan. Uning professional futbolchilik faoliyati 2021 yilda OKMK tizimida boshlandi. O‘sha mavsumda u OKMK U-16 jamoasi bilan O‘zbekiston U-16 chempionatida bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, OKMK-2 safida Birinchi liga chempionligini nishonlab, yoshligidanoq jamoaviy muvaffaqiyatlarga munosib hissa qo‘sha oldi.
2022 yildan boshlab Asal OKMKning asosiy jamoasi safida maydonga tusha boshladi. Uning iqtidorli o‘yini ko‘p o‘tmay milliy terma jamoa murabbiylari e’tiborini tortdi va 2023 yilda ilk bor O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasiga chaqirildi. O‘sha yili Xanchjouda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida terma jamoamiz tarixiy natija qayd etib, musobaqani to‘rtinchi o‘rinda yakunladi. Aminjonova ham ushbu muvaffaqiyatga hissa qo‘shgan futbolchilardan biri bo‘ldi.
2023 yil Tojikistonda tashkil etilgan U-17 CAFA chempionati esa Asalning faoliyatidagi eng yorqin sahifalardan biriga aylandi. U O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bilan musobaqa g‘olibiga aylandi va yuqori saviyadagi o‘yini evaziga turnirning eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etildi.
Iqtidorli futbolchi 2024 va 2026 yillarda O‘zbekiston U-20 terma jamoasi safida Osiyo chempionatida ishtirok etdi. 2026 yilda esa milliy terma jamoamiz bilan kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ham maydonga tushib, xalqaro tajribasini yanada boyitdi.
Bugun Asalxon Aminjonovaning "Qiziljar" klubiga ko‘chib o‘tishi uning faoliyatidagi yangi bosqichni boshlab bermoqda. Xorij chempionatidagi o‘yinlar yosh futbolchining mahoratini yanada oshirishi, milliy terma jamoamiz uchun esa yanada tajribali va kuchli futbolchi sifatida qaytishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Asalxon Aminjonovaga Qozog‘istondagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz. Ishonamizki, uning xorijdagi tajribasi o‘zbek ayollar futboli rivojiga xizmat qiladi va Asal hamda uning avlodi vakillari kelajakda O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasini Jahon chempionati sari yetaklaydigan futbolchilar safidan joy oladi.