18 yoshli fransuz Mbappeni o‘g‘irlashni rejalashtirganlikda gumon qilinmoqda
Fransiyada 18 yoshli yigit Kilian Mbappeni o‘g‘irlash rejasiga aloqadorlikda gumon qilinmoqda. Le Parisien ma’lumotiga ko‘ra, Kleman L. ismli shaxs bir qator uy bosqinlari va odam o‘g‘irlash rejalarining tashkilotchilaridan biri sifatida tergov qilinmoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruhning nishonlari orasida tadbirkorlar, reperlar va taniqli sportchilar bo‘lgan. “Real Madrid” hujumchisi Kilian Mbappe ham o‘g‘irlash rejalashtirilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan. Hozircha futbolchini o‘g‘irlashga amaliy urinish bo‘lgani haqida ma’lumot yo‘q — gap tayyorlanayotgan reja haqida ketmoqda.
18 yoshli gumondor 21-avgust kuni Nanterda sherigi bilan birga qo‘lga olingan. U hozir hibsda va alohida saqlanmoqda, uning gumon qilinayotgan sherigi esa sud nazorati ostida ozodlikka chiqarilgan. Tergov doirasida aprel va avgust oylari oralig‘ida Fransiyaning bir nechta hududida sodir etilgan yoki rejalashtirilgan jinoyatlar o‘rganilmoqda.
Ma’lumot uchun, Le Parisien xabariga ko‘ra, guruh jami 26 nafar shaxsni nishonga olgan bo‘lishi mumkin. Ular orasida futbolchilar, reperlar va badavlat tadbirkorlar bor.