14 yoshli futbolchi “Levante”ning asosiy jamoasi bilan mashg‘ulot o‘tkazdi
Ispaniyaning “Levante” klubi 14 yoshli markaziy himoyachi Diego Moyanoni asosiy jamoa mashg‘ulotlariga jalb etdi. Yosh futbolchining iqtidoriga e’tibor qaratgan bosh murabbiy Luis Kastro unga tajribali futbolchilar bilan birga shug‘ullanish imkoniyatini yaratdi. Bu haqda Marca nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, 2012-yilning mart oyida tug‘ilgan Moyano “Levante” akademiyasining eng istiqbolli tarbiyalanuvchilaridan biri hisoblanadi. U o‘tgan mavsum Valensiya hududi terma jamoasi safida 14 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Ispaniya chempionatida g‘olib chiqqan. Shuningdek, himoyachi Ispaniyaning U-14 terma jamoasida o‘ynagan va yaqinda U-15 jamoasiga ham chaqiruv olgan.
Moyano 8-oktyabr kuni ilk bor “Levante”ning asosiy tarkibi bilan mashg‘ulot o‘tkazdi. Biroq yosh futbolchi hozircha La Ligada debyut qila olmaydi. Amaldagi yosh cheklovlariga ko‘ra, u rasmiy uchrashuvlarda qatnashish uchun 15 yoshga to‘lishini kutishi kerak. Shu bois himoyachining asosiy jamoa safidagi ilk o‘yini 2027-yil mart oyidan keyin amalga oshishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Diego Moyano “Levante” akademiyasida to‘qqizinchi mavsumini o‘tkazmoqda. U joriy mavsum klubning U-16 jamoasi safida beshta uchrashuvning barchasida asosiy tarkibda maydonga tushib, 400 daqiqadan 379 daqiqasini o‘tkazgan. Bu umumiy o‘yin vaqtining qariyb 95 foizini tashkil etadi.