10 kunlik qamoq va jarimalar: LIKECUP turniridagi janjal qatnashchilari sud qilindi
Toshkentda LIKECUP havaskor futbol turniri davomida yuzaga kelgan ommaviy janjal ishtirokchilari jazoga tortildi. Ular orasida aktyor va turnir tashkilotchisi Alisher Uzokov hamda bir nechta mashhur blogerlar bor. Hodisa jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi va loyiha vaqtincha to‘xtatildi.
29 may kuni Shayxontohur tumanidagi “Jar” stadionida “Kotta bola” va “Malades” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda o‘yinchi raqibini boshiga urib yuborgan. Bu mojaro kelib chiqishiga sabab bo‘lib, boshqa futbolchilar va blogerlar ham janjalga qo‘shildi. Tashkilotchilar janjal sahnalashtirilganini aytgan.
Poytaxt IIBB ma’lumotiga ko‘ra, voqea omadsiz PR-aksiya natijasi bo‘lgan. Biroq jamoat tartibi buzilgani sababli LIKECUP loyihasi vaqtincha to‘xtatildi.
Tekshiruv davomida tuman IIB xodimlari ishtirokchilar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazdi. Keyinchalik Shayxontohur tuman sudining sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra:
Alisher Uzokov, Abdurahmon Mavlonov, blogerlar Mirjalol Rahmonaliyev va Dilshodbek Urozboev mayda bezorilik va politsiyaga bo‘ysunmaslikda aybdor deb topilib, har biriga 10 baravar — 3 750 000 so‘mdan jarima belgilandi;
Janjalni boshlagan deb topilgan Ozodbek Urozboev 10 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi oldi;
Kamoliddin Mamajonov ham aybli deb topilib, 12 baravar — 4 500 000 so‘mlik jarimaga tortildi.
IIBB ommaviy tadbirlarda jamoat tartibi qonunga muvofiq ta’minlanishini eslatdi.