locale OZ

Zinedin Zidan Fransiyaning mashhur Klerfonten «moda namoyishi»ga chek qo‘ydi

Endi «Uch ranglilar» futbolchilarining Klerfontenga kelishini jurnalistlar avvalgidek tasvirga ola olmaydi.
Eksklyuziv yangiliklar
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Zinedin Zidan Fransiyaning mashhur Klerfonten «moda namoyishi»ga chek qo‘ydi
photo: goal.com

Zinedin Zidan Fransiyaning mashhur Klerfonten «moda namoyishi»ga chek qo‘ydi

Fransiya milliy jamoasining yangi bosh murabbiyi futbolchilarning milliy jamoa yig‘iniga kelishi paytidagi kiyinishlari atrofida yuzaga keladigan shov-shuvli an’anaga barham berdi. Endi «Uch ranglilar» futbolchilarining Klerfontenga kelishini jurnalistlar avvalgidek tasvirga ola olmaydi.

photo: gettyimages

Xalqaro tanaffus boshlanishi bilan Fransiya milliy jamoasi Parij chekkasidagi Klerfonten bazasiga yig‘ilardi. Har safar futbolchilarning kelishi o‘ziga xos moda namoyishiga aylanib, avtoturargoh fotomuxbirlar uchun haqiqiy «podium» vazifasini bajarardi.

Futbolchilar mashinalaridan tushib, kameralar qarshisida suratga tushar, mashhur dizaynerlar brendlarining qimmatbaho kiyimlarida o‘z uslublarini namoyish etishardi.

Kimdir nafis va klassik ko‘rinishga ega bo‘lsa, boshqalari noodatiy va hatto g‘alati obrazlarni tanlardi. Ularning aksariyati nihoyatda qimmat bo‘lgan bu kiyimlari tufayli Fransiya milliy jamoasining yig‘inga kelishi ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez muhokama qilinardi.

Futbolchilarning o‘zlari ham bu an’anaga faol qo‘shilib, maydondan tashqaridagi shaxsiy uslublarini namoyish etishdan zavqlanishardi.

Biroq Klerfontendagi «moda podiumi» endi tarixda qoldi. Fransiya milliy jamoasining yangi bosh murabbiyi Zinedin Zidan bu futbol madaniyatining o‘ziga xos qismiga aylangan an’anaga keskin nuqta qo‘ydi.

Zidan qat’iy qoidalar joriy qilmoqda

photo: gettyimages

Didye Desham yozda milliy jamoadan ketganidan so‘ng uning o‘rnini egallagan Zidan dastlabki kunlardanoq o‘z talablarini joriy qila boshladi.

Fransiya va «Real Madrid» afsonasi asosiy e’tiborni maydondagi ishga qaratmoqchi. Shu sababli u ommaviy axborot vositalari uchun ham bir qator cheklovlar o‘rnatdi.

Jumladan, Zidan xalqaro tanaffus boshida futbolchilarning Klerfontenga kelishini jurnalistlar tomonidan tasvirga olishni taqiqladi. Endilikda futbolchilarning yig‘inga kelishi haqidagi suratlar faqat Fransiya futbol federatsiyasining rasmiy kanallari orqali e’lon qilinadi.

Ispaniyaning AS nashri yozishicha, bu qaror futbolchilarni himoya qilish va ularning kiyimlari atrofida keraksiz shov-shuv yuzaga kelishining oldini olish maqsadida qabul qilingan.

Zidan Fransiya milliy jamoasining ilk tarkibini e’lon qilgan matbuot anjumanida ham televizion kameralar bo‘lishini istamadi. Anjuman Fransiya futbol federatsiyasining rasmiy kanallari orqali namoyish etildi.

Shunga qaramay, jurnalistlarga ayrim mashg‘ulotlarni kuzatish hamda maxsus aralash zonada futbolchilardan intervyu olishga ruxsat berildi. Bu jihatdan Zidan davridagi tartib Desham davridagidan farq qiladi.

Futbolchilarning o‘ziga ham yangi qoidalar ta’sir ko‘rsatmoqda. L’Équipe xabariga ko‘ra, Zidan Klerfonten bazasiga xususiy sartaroshlarning kirishini ham taqiqlagan.

Murabbiy milliy jamoa bazasini tashqi ta’sirlardan himoyalangan hududga aylantirib, futbolchilarning e’tiborini faqat milliy jamoa va futbolga qaratmoqchi.

Klerfontendagi «moda podiumi» qachon boshlangan?

photo: gettyimages

Futbolchilarning Klerfontenga kelishda eng yaxshi kiyimlarini kiyib, fotomuxbirlar qarshisida suratga tushishi yangi an’ana emas.

Arxivlarga nazar tashlasak, Fransiya futbolchilari milliy jamoa bazasiga kelganida eng yaxshi liboslarini namoyish etib, ularni kutib turgan jurnalistlarga suratga tushib kelayotganiga 15 yildan oshganini ko‘rish mumkin.

Bu an’ana Loran Blanning 2010-yilda Fransiya milliy jamoasi bosh murabbiyligiga kelgan davrga borib taqaladi.

O‘sha davrdagi suratlarda Samir Nasrining Jeyms Din tasviri tushirilgan futbolka va ikkita Louis Vuitton sumkasi bilan, Loik Remining kamarli ikki qator tugmali plashda, Floran Maludaning esa charm kurtka va Chrome Hearts bosh kiyimida Klerfontenga kelganini ko‘rish mumkin.

Ular kameralar qarshisida jilmayib, qo‘l silkitishardi. Futbolchilar qisqa vaqtga bo‘lsa-da, mashg‘ulot yoki o‘yin liboslarida emas, balki hashamatli brendlar kiyimlarida namoyon bo‘lishardi.

Ular bu an’ananing dastlabki vakillari bo‘ldi. Shundan keyin Fransiya milliy jamoasi futbolchilarining yig‘inga kelish suratlari xalqaro futbol taqvimining muntazam va ko‘p muhokama qilinadigan voqealaridan biriga aylandi.

«Futbolchilar tobora ko‘proq ta’sir o‘tkazuvchi shaxslarga aylanmoqda»

photo: goal.com

Vaqt o‘tishi bilan futbolchilarning yig‘inga kelishini suratga olish uchun nafaqat gazeta va sport nashrlari, balki eng yirik moda jurnallari ham akkreditatsiya olishga harakat qila boshladi.

«Bu biz uchun juda muhim lahza. Bu yaxshi samara bermoqda, chunki futbolchilar ommaviy madaniyatda tanilgan shaxslardir», — degan GQ France jurnalining uslub bo‘limi rahbari Adrien Kommunye Fashion Network nashriga bergan intervyusida.

Parijdagi Palais Galliera muzeyining «Fashion in Motion» ko‘rgazmasi kuratori Mari-Lor Gyutton esa futbolchilarning jamiyatga ta’siri tobora kuchayib borayotganini ta’kidlagan.

«Futbolchilar tobora ko‘proq ta’sir o‘tkazuvchi shaxslarga aylanmoqda. Ular kiyadigan hashamatli liboslar ularni tomosha qiladigan barcha insonlar uchun hamyonbop bo‘lmasligi mumkin. Ammo bunday futbolchilar odamlarga ilhom berishi va ularni boshqacha kiyinishga, narxi nisbatan arzonroq brendlarning o‘xshash mahsulotlarini tanlashga undashi mumkin», — degan Gyutton.

«Barselona» va Fransiya milliy jamoasi himoyachisi Jyul Kunde esa bu jarayondan zavq olishini yashirmagan.

«Bu juda katta shov-shuv uyg‘otmoqda. Men buni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘raman, hatto asosiy ommaviy axborot vositalari ham bunga e’tibor qaratmoqda. Bu yaxshi. Futbolchilar o‘rtasida ham do‘stona raqobat bor. Men bundan zavqlanaman, kiyimlarimda o‘zimni yaxshi his qilaman», — degan Kunde.

G‘alati obrazlardan noodatiy uslublargacha

photo: gettyimages

Zidanning taqiqi Klerfonten avtoturargohida yillar davomida namoyish etilgan eng yaxshi va eng noodatiy obrazlarni yodga olish uchun ayni muddao.

Albatta, 2010-yillarning boshidan buyon moda olami ancha o‘zgardi. Bugungi nuqtayi nazardan qaraganda, o‘sha davrda futbolchilar tanlagan ayrim kiyimlar unchalik ham muvaffaqiyatli ko‘rinmaydi.

Shunga qaramay, so‘nggi yillarda ayrim futbolchilar o‘z kiyinish uslubiga jiddiy yondashib, buni ijodiy maydonga aylantirishdi. Natijada chiroyli obrazlar bilan birga, noto‘g‘ri tanlovlari sabab e’tiborga tushgan holatlar ham ko‘p bo‘ldi.

Kundening Klerfontenga kelishi har bir xalqaro tanaffusda alohida qiziqish bilan kutilardi.

2024-yil mart oyida u noodatiy obrazda paydo bo‘ldi: sariq rangdagi bosh kiyim va «fleece» ustidan «Louis Vuitton»ning bir xil uslubdagi jinsi kurtkasi va shimini kiygan. Uning obrazini juda noodatiy «Ugg Moon Boots» etiklari to‘ldirib turardi.

Keyinroq o‘sha yili Kunde o‘zini oqladi, deyish mumkin. U GQ jurnalida alohida maqolaga sabab bo‘lgan obrazda ko‘rinish berdi. Jurnal bu uslubni «Parijcha, zamonaviy blokkor uslubidagi obraz» deya ta’rifladi. Unda «vintage adidas» Fransiya milliy jamoasi sport kurtkasi, keng qora shim va «Copa Mundial» krossovkalari bor edi.

«Liverpul» sobiq futbolchisi Ibragima Konate ham milliy jamoa yig‘iniga kelganda o‘ziga xos kiyinishni yoqtiradigan fransiyalik futbolchilardan.

Markaziy himoyachi 2024-yil oktabrida mashinasidan «Kenzo» kostyumida tushib kelganida ijtimoiy tarmoqlarda tezda tarqaldi. Kostyum ustidan u yuzini to‘liq yopib turgan yashil rangdagi noodatiy to‘rli hudini kiygan edi.

Keyinchalik Konate hazillashib, Kunde bilan raqobatlashishga harakat qilganini aytdi.

Kiyimlar ortiqcha chalg‘ituvchi omilga aylandimi?

photo: gettyimages

Futbolchilarning noodatiy kiyimlaridan tashqari, ularning nihoyatda qimmat ekani ham Zidan nima sababdan Klerfontendagi media shov-shuviga chek qo‘yganini tushuntirishi mumkin.

Fransiyaning @clothes.rap ijtimoiy tarmoq sahifasi 2024-yildan buyon futbolchilarning kiyimlarini tahlil qilib, ularning umumiy qiymatini hisoblab kelmoqda.

Ko‘pincha futbolchilarning kiyimlari o‘n minglab yevroga baholanadi. Qimmatbaho soatlar ham qo‘shilganda, umumiy qiymat hatto yuz minglab yevroga yetadi.

Masalan, Kundening 2024-yildagi «blokkor» uslubidagi obrazi soatsiz 11 660 yevro deb baholangan.

2025-yil sentabrida esa uning Klerfontenga kelish obrazining bir qismi 160 ming yevrolik «Audemars Piguet» soati bo‘lgan.

Futbolchilar oddiyroq kiyinishga harakat qilganda ham xarajatlar juda katta bo‘lishi mumkin.

Kil­yan Mbappening o‘tgan yilgi obrazlaridan biri Dior ko‘ylagi va shimlari, Dior futbolkasi, Nike krossovkalari hamda Hublot soatidan iborat bo‘lgan. Uning umumiy qiymati 50 ming yevrodan oshgan.

Benjamin Pavarning 2025-yil mart oyidagi «Bottega Veneta» kiyimlari esa soatsiz 11 690 yevro deb baholangan.

Bunday astronomik summalar Zidan nima uchun futbolchilarning Klerfontenga kelishini kameralar qarshisidagi shouga aylantirishni istamayotganini ma’lum darajada tushuntiradi.

Klerfontendagi «moda namoyishi» tarixga aylandi

photo: gettyimages

Zidanning qarori mantiqan tushunarli. Murabbiy Fransiya milliy jamoasidagi asosiy e’tibor futbol, mashg‘ulot va natijalarga qaratilishini istamoqda.

Endi futbolchilarning Klerfontenga kelishi avvalgidek ommaviy axborot vositalarining katta shousiga aylanmaydi. Biroq bu futbolchilar o‘z uslubidan butunlay voz kechadi degani emas. Ular istasa, milliy jamoaning ichki media loyihalari doirasida o‘z obrazlarini namoyish etishda davom etishlari mumkin.

Shunday qilib, Fransiya milliy jamoasining Klerfontendagi mashhur «moda podiumi» o‘z nihoyasiga yetdi.

Ammo so‘nggi 15 yil davomida yaratilgan suratlar, noodatiy obrazlar va futbolchilar o‘rtasidagi do‘stona moda raqobati Fransiya futboli tarixidagi o‘ziga xos davr sifatida xotirada qoladi.

Nima deb o'ylaysiz, Zidan to'g'ri ish qildimi? O'zbekiston milliy jamoasi futbolchilari ham turli hil moda kiyimlarida kelishsa qiziqroq bo'larmidi, yoki bu holat miliiy jamoa mashg'ulotlariga salbiy ta'sir ko'rsatgan bo'larmidi? Fikringizni izohlarda qoldiring.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting