locale OZ

Xayr, GOAT. Lionel Messining Argentina safidagi eng unutilmas 12 lahzasi

Lionel Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi.
Eksklyuziv yangiliklar
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Xayr, GOAT. Lionel Messining Argentina safidagi eng unutilmas 12 lahzasi
photo: goal.com

Lionel Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi. Afsonaviy 10-raqamning Benin bilan o‘tkazgan so‘nggi uchrashuvidan so‘ng sports24.uz uning «Ko'k va oqlar» safidagi eng yorqin va unutilmas lahzalarini saraladi.

Lionel Messi xalqaro maydon bilan xayrlashdi.

Buenos-Ayresdagi afsonaviy «Monumental» stadionida o‘tgan hissiyotlarga boy kechada Argentina milliy jamoasi o‘zining eng buyuk futbolchilaridan biri bilan xayrlashdi. Messi Beninga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida milliy jamoadagi so‘nggi o‘yinini o‘tkazdi.

Afsonaviy futbolchi bu tarixiy uchrashuvni ham o‘ziga xos tarzda yakunladi: gol urdi va yana ikki golga assist berdi.

Ko‘pchilik Messi 2022-yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida Argentina bilan bosh sovrinni qo‘lga kiritganidan so‘ng terma jamoadagi faoliyatini yakunlaydi, deb o‘ylagandi.

Ammo u qolishga qaror qildi. Bundan futbol muxlislari faqat xursand bo‘lishi mumkin.

Messi 39 yoshida Shimoliy Amerikada o‘tgan navbatdagi Jahon chempionatida ham vaqt unga ta’sir qilmasligini namoyish etdi. Tarkibi avvalgidek kuchli bo‘lmagan Argentina milliy jamoasini finalgacha olib borgan Messi turnirni 8 ta gol va 4 ta assist bilan yakunladi.

Endi u xalqaro faoliyatiga rasman nuqta qo‘ydi. Shu munosabat bilan Messining Argentina libosidagi eng unutilmas 12 lahzasini yodga olamiz.

photo: gettyimages

12. Dastlabki chiqishidayoq katta taassurot

Messi «Barselona»dagi ilk to‘liq mavsumining so‘nggi oylarini jarohat sabab o‘tkazib yuborgan bo‘lsa-da, 2006-yilgi Jahon chempionatida Argentinamilliy jamoasi tarkibiga kiritildi.

Butun dunyo futbol muxlislari Germaniyada o‘tkazilayotgan mundialda yosh Messi o‘zini qanday namoyon qilishini intiqlik bilan kutardi.

U Argentina milliy jamoasining Kot-d’Ivuarga qarshi ilk uchrashuvini zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazdi. Ammo Serbiya va Chernogoriyaga qarshi ikkinchi tur uchrashuvining so‘nggi daqiqalarida maydonga tushib, darhol o‘zini ko‘rsatdi.

Bor-yo‘g‘i 16 daqiqalik ajoyib o‘yin davomida Messi bir gol urdi va yana bir golga assist berdi.

Tribunada esa argentinalik afsona Diyego Maradona yosh futbolchining harakatlarini kuzatib turardi.

«U shunchaki yaxshi futbolchi emas. U o‘zgacha», — degandi Maradona o‘sha paytda.

photo: gettyimages

11. 2014-yilgi guruh bosqichidagi ajoyib o‘yin

Messi Jahon chempionatidagi debyutidan keyin ikkinchi golini urish uchun hayratlanarli tarzda sakkiz yil kutdi.

2010-yilda Janubiy Afrikada o‘tgan mundial Messi va Maradona boshchiligidagi Argentina uchun muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Jamoa chorak finalda Germaniyaga 0:4 hisobida yutqazgan, shundan so‘ng Maradona terma jamoadagi lavozimini tark etgandi.

Shu sababli 2014-yilda Braziliyada o‘tgan Jahon chempionatida Messi zimmasidagi bosim juda katta edi.

U esa turnirni ajoyib boshladi.

Bosniya va Gersegovinaga qarshi 2:1 hisobidagi g‘alabada Messi Argentinaning ikkinchi golini urdi. Keyingi turda esa Eron darvozasiga uchrashuvning so‘nggi soniyalarida ajoyib gol kiritib, jamoasiga g‘alaba keltirdi.

Guruh bosqichidagi so‘nggi uchrashuvda Nigeriyaga qarshi yana ikki bor gol urdi. Ulardan biri jarima zarbasidan kiritilgan ajoyib gol edi.

photo: gettyimages

10. Faoliyatidagi 1000-o‘yin

2022-yilgi Jahon chempionatining Avstraliyaga qarshi nimchorakfinal uchrashuvi Messi uchun professional faoliyatidagi 1000-o‘yin bo‘ldi.

Tabiiyki, u bunday muhim sanani ajoyib o‘yin bilan nishonladi.

Messi jarima maydoni ichidan juda aniq zarba bilan hisobni ochdi va Argentina 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.

«Uni tomosha qilishning o‘zi o‘zgacha. Maydonda u go‘yo haqiqiy odamga o‘xshamaydi, xuddi mum haykalga o‘xshaydi. Uning qanchalik kuchli ekanini tushunish va o‘yinni qanday ko‘rishini kuzatish — aql bovar qilmas holat», — degandi Avstraliya yarim himoyachisi Kianu Bakkus.

9. Braziliyaga qarshi Messi shousi

2012-yil iyunida AQShning Ist-Ratford shahrida Argentina va Braziliya o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuv o‘rtoqlik maqomida bo‘lgan bo‘lsa-da, Messi uchun nihoyatda muhim edi.

Chunki raqib — Argentinaning azaliy raqibi Braziliya edi.

Messi uchta gol urib, Argentina 4:3 hisobida g‘alaba qozonishiga yordam berdi.

«Braziliyani mag‘lub etish har doim yoqimli. Uchta golimdan juda xursandman», — degandi Messi uchrashuvdan so‘ng.

Uning dastlabki ikki goli ham chiroyli bo‘lgan. Ammo uchrashuv taqdirini hal qilgan uchinchi gol alohida e’tiborga loyiq edi.

Messi yarimhimoya chizig‘ida to‘pni qabul qilib, oldinga intildi va jarima maydoni tashqarisidan Braziliya darvozasining yuqori burchagiga hech kim qaytara olmaydigan zarba yo‘lladi.

«Dunyoda Messiga qarshi yechim topgan hech kim yo‘q. Unga to‘rtta imkoniyat berdik va u uchta gol urdi. Ayrim futbolchilarga umuman bo‘sh joy berib bo‘lmaydi», — degandi Braziliya bosh murabbiyi Mano Menezes.

Argentina ustozi Alexandro Sabelya esa qisqa va mazmunli fikr bildirgandi:

«Leo argentinalik ekanidan omadlimiz»

photo: gettyimages

8. Gvardiolni «aylantirib» tashlagan Messi

Yoshxo Gvardiol 2022-yilgi Jahon chempionatida o‘zini dunyoning eng yaxshi yosh himoyachilaridan biri sifatida namoyon qildi.

«Manchester Siti» uning Xorvatiya terma jamoasi bilan mundialda yarimfinalgacha yetib borishidagi o‘yinidan shu qadar taassurotlandiki, keyingi yozda himoyachi uchun 77 million funt to‘ladi.

Ammo hatto 20 yoshli Gvardiol ham Qatarda Messiga qarshi chora topa olmadi.

Messi avval penaltidan hisobni ochdi. Keyinchalik esa Gvardiolni bir necha bor aldab, o‘ng qanot bo‘ylab oldinga o‘tdi va Xulian Alvaresga ikkinchi golni urish uchun ajoyib imkoniyat yaratib berdi.

Xorvatiya sardori Luka Modrich ham Messining Lusaildagi «buyukligi»ni e’tirof etdi.

Gvardiol esa Messi tomonidan aldanganidan afsuslanmasligini aytdi.

«Unga qarshi o‘ynaganimdan xursandman, garchi mag‘lub bo‘lgan bo‘lsak ham. Farzandlarimga 90 daqiqa davomida Messini qo‘riqlaganimni aytishim mumkin», — degandi himoyachi.

photo: gettyimages

7. Lusail jangi

Argentina va Niderlandiya o‘rtasidagi 2022-yilgi Jahon chempionati chorakfinali futbol ishqibozlari xotirasida, avvalo, Messining Nahuel Molinaga bergan ajoyib uzatmasi bilan qolgan.

Bu shunday pas ediki, ehtimol boshqa hech bir futbolchi uni ko‘rmagan bo‘lardi. Eng muhimi, Messi uni ajoyib tarzda amalga oshirdi.

Ammo argentinalik muxlislarning katta qismi uchun «Lusail jangi» deyilganda birinchi navbatda Messining o‘yin tugaganidan keyingi intervyusi yodga tushadi.

U Vout Vegorstga qarata:

«Sen nimaga qarayapsan, ahmoq? Nimaga qarayapsan? Ket bu yerdan!» — degandi.

Keyinchalik Messi Vegorst va Niderlandiyaning boshqa futbolchilari hamda murabbiylar shtabiga nisbatan o‘zini tutganidan afsusda ekanini tan oldi.

Uchrashuv davomida rekord darajadagi 17 ta sariq kartochka ko‘rsatilgan edi.

Ammo o‘sha paytda argentinalik muxlislar Messining bu qizg‘in xarakterini katta zavq bilan qabul qilishdi.

Ko‘pchilik argentinaliklar, jumladan Ernan Krespo ham avvalroq Messi Maradonadagi «yovuzlik» yoki qattiqqo‘llik yetishmagani sabab sardorlik uchun mos emasligini ta’kidlab kelgan edi.

Niderlandiyaga qarshi bahsda esa Messi o‘z xarakterining boshqa tomonini namoyish etdi.

«Hammasi tabiiy ravishda yuz berdi. Men shunchaki shunday munosabat bildirdim. O‘sha futbolchi bilan bog‘liq voqealar va boshqa tarang vaziyatlar ham bo‘lgandi. O‘yin endigina tugagan, hammasi hali juda yangi edi. Men bu holat bilan esda qolishni istamayman, ammo ba’zida shunday voqealar sodir bo‘ladi», — degandi Messi 2023-yilda.

photo: gettyimages

6. Misrga qarshi aql bovar qilmas kambek

2026-yilgi Jahon chempionatining Misrga qarshi nimchorak final uchrashuvi tugashiga 11 daqiqa qolganida ko‘pchilik Messining Argentina milliy jamoasiga qaytish qarorini muhokama qila boshlagandi.

Argentina 0:2 hisobida ortda borayotgan, Messi esa birinchi bo‘limda penaltidan foydalana olmagan edi.

Ammo u taslim bo‘lmadi.

Messi o‘ng qanotdan jarima maydoniga ajoyib uzatma yo‘lladi va Kristian Romero bosh bilan hisobni qisqartirdi.

Oradan atigi to‘rt daqiqa o‘tib, sobiq «Barselona» hujumchisi qaytgan to‘pni kuchli zarba bilan darvozaga yo‘llab, hisobni tenglashtirdi.

Shu tariqa Messi Jahon chempionatlari tarixida ketma-ket oltita pley-off uchrashuvida gol urgan ilk futbolchi bo‘ldi.

Keyin Enso Fernandes jarima vaqtida Lautaro Martinesning ajoyib uzatmasidan so‘ng g‘alaba golini urdi.

Argentina ajoyib kambekni amalga oshirdi. Uchrashuv yakunida Messi, Lionel Skaloni va jamoaning deyarli barcha futbolchilari ko‘z yoshlarini tiya olishmadi.

«Men Leo futbolni aynan shunday lahzalar uchun o‘ynashiga ishonaman. Faoliyatining ushbu bosqichida u bunday hissiyotlarni boshdan kechirayotgani juda qiyin tushuntiriladigan holat. Bu unutilmas lahza, eng buyuk lahzalardan biri», — dedi Skaloni.

photo: gettyimages

5. «Xudoning sovg‘asi»

Argentina bilan ketma-ket uchta finalda mag‘lub bo‘lgan Messi 2016-yilgi Amerika Kubogi finalida Chiliga penaltilar seriyasida yutqazganidan so‘ng xalqaro faoliyatini yakunlashini e’lon qilgandi.

Biroq argentinalik muxlislarning uni qaytishga chaqirishi, hatto o‘sha paytdagi mamlakat prezidenti Maurisio Makrining Messini «Xudoning sovg‘asi» deb atagani natijasida hujumchi qarorini o‘zgartirdi.

Bu Argentina uchun juda muhim qaror bo‘ldi.

2017-yil 10-oktabr kuni Ekvadorga qarshi JCh saralash uchrashuvida Argentina mundialga chiqish uchun g‘alaba qozonishi shart edi. Uchrashuvning dastlabki daqiqalarida Ekvador hisobni ochdi.

Ammo Messi bosimga ham, Kito shahrining baland tog‘li hududidagi og‘ir sharoitga ham e’tibor bermadi.

U xet-trik qayd etib, deyarli bir o‘zi Argentinani 2018-yilgi Jahon chempionatiga olib chiqdi.

«Xudoga shukr, maqsadimizga erishdik», — degandi Messi uchrashuvdan so‘ng.

O‘sha kuni butun Argentina Messidan minnatdor edi.

4. 2022-yilgi mundialni qayta boshlagan gol

Argentina Qatardagi Jahon chempionatiga katta ishonch bilan kelgandi. Jamoa Janubiy Amerika chempioni sifatida mundialga yetib kelgan va qatorasiga 36 ta o‘yinda mag‘lub bo‘lmagandi.

Ammo turnirning ilk uchrashuvida Argentina tarixdagi eng katta sensatsiyalardan biriga duch keldi.

Messi penaltidan hisobni ochgan bo‘lsa-da, Saudiya Arabistoni ikkinchi bo‘limda ikkita gol urib, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Shundan so‘ng Meksikaga qarshi ikkinchi tur uchrashuvi Argentina uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Yana bir mag‘lubiyat jamoaning guruh bosqichidayoq turnirni tark etishiga olib kelishi mumkin edi.

Ammo yana Messi maydonga chiqdi.

Uchrashuvning 64-daqiqasida Anxel Di Mariyaning uzoqdan bergan uzatmasini Messi jarima maydoni tashqarisida qabul qildi va hech ikkilanmay, pastdan kuchli zarba yo‘llab, Meksika darvozasini ishg‘ol qildi.

Argentina keyinchalik 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.

«Bugun Argentina uchun yangi Jahon chempionati boshlandi», — dedi Messi uchrashuvdan so‘ng.

U haq edi. Argentina eng katta sharmandalik xavfidan chiqib, yakunda turnirning bosh sovrinini qo‘lga kiritdi.

photo: gettyimages

3. Hammasini o‘zgartirgan g‘alaba

2021-yilgi Amerika Kubogi finalida Messi Braziliyaga qarshi o‘yinda o‘zining eng yaxshi uchrashuvlaridan birini o‘tkazmagan bo‘lishi mumkin.

Ammo buning ahamiyati yo‘q edi.

Chunki Argentina finalgacha yetib kelishida Messi katta rol o‘ynagandi. U turnir davomida jamoaning 12 ta golining 9 tasida bevosita ishtirok etdi va 5 ta gol urdi.

Finalda Argentina Braziliyani 1:0 hisobida mag‘lub etdi.

Messi gol urmagan bo‘lsa-da, bu uning faoliyatidagi eng muhim g‘alabalardan biri bo‘ldi.

Chunki u nihoyat Argentina bilan katta xalqaro sovrinni qo‘lga kiritdi.

Final hushtagi yangraganida Messi Marakana maydonida ko‘z yoshlarini tiya olmadi va maysaga cho‘kib qoldi.

«Ko‘p marta mendan tortib olingan orzuga erishganim uchun xotirjamman. Bu xuddi tushdek edi. Ajoyib lahza. Bu sodir bo‘lganiga ishonolmadim», — dedi Messi uch oy o‘tib.

Argentinaning 28 yillik Amerika Kubogi chempionligi sog‘inchiga nuqta qo‘yilishi keyinchalik yanada katta ahamiyat kasb etdi.

Anxel Di Mariyaning g‘alaba goli Argentina futboli tarixidagi eng muvaffaqiyatli davrning boshlanish nuqtasiga aylandi.

2. 39 yoshida Angliyani taslim qilgan Messi

Messi 2026-yilgi Jahon chempionatiga kelguniga qadar Maradona bilan deyarli barcha jihatlarda tenglashib ulgurgan, ayrim ko‘rsatkichlarda esa undan ham o‘zib ketgandi.

Ammo uning amalga oshirmagan bir maqsadi bor edi: Argentina bilan Angliyani Jahon chempionatida mag‘lub etish.

15-iyul kuni bu maqsad ham amalga oshdi.

Uchrashuvning asosiy vaqti tugashiga besh daqiqa qolganida Argentina tobora himoyaga yotib olgan Angliyaga qarshi 0:1 hisobida ortda borayotgan edi.

Amaldagi chempionlar raqib himoyasini yorib o‘tishda qiynalishdi. Hatto imkoniyat topilgan vaziyatlarda ham darvoza to‘sinlari Argentina uchun to‘siq bo‘ldi.

Ammo Argentina burchak to‘pi orqali Angliya himoyasini chalg‘itdi. Messi o‘ziga bir nechta himoyachini tortib, Enso Fernandesga jarima maydoni tashqarisidan zarba berish uchun bo‘sh joy yaratdi.

Fernandes kuchli zarba bilan hisobni tenglashtirdi.

Shundan keyin Angliya yanada chuqurroq himoyalana boshladi. Ammo Messi olti metrli jarima maydonida bir nechta ikki metrlik himoyachilar orasidan Lautaro Martinesni topa oldi.

Uning aniq uzatmasidan so‘ng hujumchi bosh bilan gol urdi va Argentina finalga chiqdi.

39 yoshli Messi yana bir bor ikki jamoa o‘rtasidagi asosiy farq bo‘lib chiqdi.

«Biz bu farqni Jud Bellingem yoki Harri Keyn yaratadi, deb o‘ylagandik. Ammo u — shuning uchun ham qirol, barcha davrlarning eng buyuk futbolchisi. Uning qilayotganlari aql bovar qilmas darajada», — dedi Mikah Richards BBC efirida.

Messining mundialdagi qahramonliklari uning oilasidagi og‘ir vaziyat fonida yanada ta’sirli bo‘ldi.

Uning otasi Xorxe turnir vaqtida og‘ir kasal edi va Argentina Ispaniyaga finalda mag‘lub bo‘lganidan ko‘p o‘tmay vafot etdi.

Messi otasiga bag‘ishlagan ochiq maktubida shunday yozdi:

«Har bir o‘yin tugagach, sendan keladigan xabarni kutardim va uni sog‘inardim. O‘shanda vaziyat qanchalik jiddiy ekanini tushundim. Shunga qaramay, imkon qadar uzoqqa borish haqida o‘ylashda davom etdim. Senga vaqt berish va o‘yinni tomosha qilishing uchun imkon yaratishni xohlardim. Uni yutib, sovrinni senga olib borishni va yangisini ko‘rsatishni istagandim. Ammo uddalay olmadim. Oyoqlarim boshqa bora olmadi. Bu safar tanamga qarshi kurashishga harakat qildim, ammo uddalay olmadim»

Argentina finalgacha yetib kelganining o‘zi ham Messining buyukligini yana bir bor namoyish etdi.

photo: gettyimages

1. Taqdir amalga oshdi

Messi faoliyatining eng buyuk lahzasi.

Jahon chempionati tarixidagi eng dramatik finallardan birida Argentina Fransiya bilan 3:3 hisobida durang o‘ynadi. Penaltilar seriyasida esa Gonsalo Montiel hal qiluvchi zarbani aniq amalga oshirdi.

Shu lahza bilan Messi futbol tarixidagi eng buyuk futbolchi maqomini yanada mustahkamladi.

1986-yilda Diyego Maradonadan keyin hech bir futbolchi Jahon chempionatida Messidek ustunlik bilan o‘ynay olmagan edi.

Messi Qatardagi mundialning o‘zi ishtirok etgan har bir pley-off uchrashuvida «Eng yaxshi futbolchi» sovrinini qo‘lga kiritdi.

Finaldagi ikki goli uning Jahon chempionatlaridagi umumiy gol va golli uzatmalar sonini 21 taga yetkazdi. Bu ko‘rsatkich bilan u Braziliya afsonasi Pele rekordidan ham o‘zib ketdi.

Messi, shuningdek, Jahon chempionatining «Oltin to‘p»ini ikki marta qo‘lga kiritgan tarixdagi yagona futbolchiga aylandi.

Eng hayratlanarlisi esa — u bularning barchasini 35 yoshida amalga oshirdi.

Bu hatto Maradonada ham kuzatilmagan darajadagi uzoq yillar davom etgan yuqori saviyaning yorqin isboti edi.

«Lionel Messini qariyb yigirma yil davomida kuzatish men uchun katta sharaf bo‘ldi. Birin-ketin sehrli, hayratlanarli va zavq bag‘ishlovchi futbol lahzalari. U futbol xudolarining bizga bergan sovg‘asi», — deb yozgandi Angliya futboli afsonasi Lineker.

Endi esa Messi Argentina milliy jamoasi bilan xayrlashdi. Uning merosi esa nafaqat qo‘lga kiritilgan sovrinlar, balki mag‘lubiyatlardan keyin qayta turish, bosim ostida jamoani ortidan ergashtirish va millionlab muxlislarga unutilmas lahzalar taqdim etish qobiliyati bilan ham o‘lchanadi.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting