Rene Higuita: Pablo Eskobar bilan do‘stlashgan va odam o‘g‘irlash voqeasidan so‘ng 9 oy qamoqda o‘tirgan afsonaviy darvozabon
«Aqldan ozgan», inqilobchi va dahoning o‘zi. Kolumbiya futbolining afsonaviy darvozaboni Rene Higuitaning hayoti futbol maydonidagidek g‘ayrioddiy va xavfli voqealarga boy bo‘lgan.
Rene Higuita haqida gap ketganda, futbol muxlislarining ko‘z oldiga birinchi navbatda uning 1995-yilda «Uembli» stadionida Angliyaga qarshi amalga oshirgan mashhur «Chayon zarbasi» keladi.
Boshqalar esa uni Kolumbiya futbolining oltin davrining eng yorqin timsollaridan biri sifatida eslaydi. Yana kimdir Higuitani mamlakat tarixidagi eng mashhur narkobaronlardan biri Pablo Eskobar bilan ochiq aloqada bo‘lgan futbolchi sifatida biladi.
Higuita esa o‘zini «mukammal darajada nomukammal inson» deb ta’riflagan.
Uning sobiq jamoadoshi Karlos Valderrama esa shunday degan:
«Ha, u aqldan ozgan. U jinni, lekin yaxshi jinni»
Higuita 40 dan ortiq gol urgan, darvozabonlar haqidagi tasavvurni o‘zgartirgan, futbol qoidalariga ta’sir ko‘rsatgan va hatto Pablo Eskobar bilan bog‘liq odam o‘g‘irlash ishida vositachi bo‘lgan.
Uning hayoti futbol tarixida o‘xshashi kam uchraydigan hikoyalardan biridir.
Oltin davrdagi noyob darvozabon

Rene Higuita yoshligida onasidan ayrilgan va uni buvisi tarbiyalagan. U Medellin ko‘chalarida futbol o‘ynab ulg‘aydi.
Qizig‘i shundaki, Higuita dastlab hujumchi bo‘lishni istagan.
Mahalliy turnirlardan birida maktab jamoasining darvozaboni jarohat olgach, Higuita darvozani qo‘riqlashga majbur bo‘ldi. Jamoasi musobaqada g‘olib chiqdi va shundan keyin u darvozabonlikka jiddiy kirishdi.
Ammo hujumchilik instinkti uning qonida qolib ketdi.
Higuita professional faoliyatini «Millonarios»da boshladi. U yerda asosiy tarkib futbolchisiga aylana olmagan bo‘lsa-da, o‘tkazgan bir nechta uchrashuvi «Atletiko Nasional» skautlarining e’tiborini tortdi.
1986-yilda Medellin klubi uni zaxira darvozabon sifatida o‘z safiga qo‘shib oldi.
Ammo uning «Atletiko Nasional»dagi debyuti kutilmagan tarzda yuz berdi.
Higuita ikkinchi bo‘lim boshlanishida zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgandi. Shu payt qovurilgan cho‘chqa go‘shtining hidi uni o‘ziga tortib, u stadionning boshqa qismiga chiqib ketdi.
Ayni vaqtda asosiy darvozabon qizil kartochka oldi va zaxira posbonni izlash boshlandi.
«Stadion diktori: «Xose Rene Higuita, zudlik bilan «Atletiko Nacional» zaxira o‘rindig‘iga keling», deganini eshitdim. Men yugurib chiqdim. Murabbiy Anibal Ruis menga: «Higuita, sening boshingga nima bo‘ldi? Maydonga tush» dedi», — deb eslagan edi u.
Higuita maydonga tushib, qisqa vaqt ichida yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Keyinchalik asosiy darvozabon klubni tark etgach, u jamoaning birinchi raqamli posboniga aylandi.
Bo‘yi atigi 175 santimetr atrofida bo‘lgan Higuita an’anaviy darvozabonlarga o‘xshamasdi. U jarima maydonidan uzoqqa chiqib, hujumchilarga qarshi kurashardi, to‘pni olib, raqib futbolchilarini aldab o‘tardi va hujumlarga qo‘shilardi.
U hatto raqib jarima maydonigacha yetib borib, hujumchilarga yordam berardi.
Penaltilarni qaytarishi bilan mashhur bo‘lishning o‘zi yetmagandek, Higuita ularni o‘zi ham tepardi. U jarima zarbalaridan ham gol urgan.
Tez orada stadionlar «El Loko» — «Jinni» laqabini olgan darvozabonni ko‘rish uchun muxlislar bilan to‘la boshladi.
Valderrama bu haqda:
«Odamlar uning o‘yin uslubiga qarab, o‘ziga bino qo‘ygan deb o‘ylashardi. Yo‘q, u shunchaki shunday edi», — degan.
«Atletiko Nasional» va Libertadoresdagi tarixiy g‘alaba

Higuitaning faoliyatidagi eng katta muvaffaqiyatlardan biri 1989-yilda yuz berdi.
«Atletiko Nasional» Libertadores kubogi finalida Paragvayning «Olimpia» klubiga qarshi bahs olib bordi.
Birinchi uchrashuvda kolumbiyaliklar 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lishdi. Javob uchrashuvida esa «Atletiko Nasional» ikki gol urib, umumiy hisobni tenglashtirdi va g‘olib penaltilar seriyasida aniqlanadigan bo‘ldi.
Aynan shu yerda Higuita haqiqiy qahramonga aylandi.
U «Olimpia»ning birinchi penaltisini qaytardi. Seriya davomida navbat Higuitaga kelganida esa darvozabonning o‘zi beshinchi penaltini aniq amalga oshirdi.
Seriya keskin tus oldi. Higuita yana bir nechta zarbani qaytardi, biroq jamoadoshlari ham imkoniyatlarni boy berishdi.
Oxir-oqibat Leonel Alvares hal qiluvchi penaltini golga aylantirib, «Atletiko Nasional»ga 5:4 hisobidagi g‘alabani taqdim etdi.
Shu tariqa «Atletiko Nasional» Libertadores kubogini qo‘lga kiritgan tarixdagi ilk Kolumbiya klubiga aylandi.
O‘sha yilning oxirida kolumbiyaliklar qit’alararo kubokda Yevropa chempioni «Milan»ga qarshi maydonga tushdi.
Higuita boshchiligidagi «Atletiko Nasional» tarkibi Marko van Basten, Karlo Anchelotti, Frank Raykard, Paolo Maldini va Franko Barezi kabi yulduzlarga qarshi 118-daqiqagacha munosib qarshilik ko‘rsatdi.
Ammo Alberiko Evani qo‘shimcha vaqtning so‘nggi daqiqalarida «Milan»ga g‘alaba golini olib keldi.
Jahon chempionatidagi xato
1990-yilgi Jahon chempionati Kolumbiya uchun katta voqea edi. Jamoa mundialda ikkinchi marta qatnashayotgan va 28 yillik tanaffusdan so‘ng turnirga yo‘llanma olgandi.
Higuita esa terma jamoaning asosiy futbolchilaridan biri edi.
Kolumbiya guruh bosqichini BAA ustidan 2:0 hisobidagi g‘alaba bilan boshladi. Keyin Yugoslaviyaga 0:1 hisobida yutqazdi va keyingi bosqichga chiqish uchun GFRga qarshi bahsda ochko kerak edi.
Higuita o‘zining odatiy jasur uslubidan voz kechmadi va kuchli raqibga qarshi ham darvozadan uzoqqa chiqib o‘ynadi. Kolumbiya so‘nggi daqiqalarda hisobni tenglashtirib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Ammo Kamerunga qarshi 1/8 final uchrashuvida uning tavakkalga asoslangan uslubi salbiy oqibatga olib keldi.
Asosiy vaqt 0:0 hisobida yakunlandi. Qo‘shimcha bo‘limda Rojer Milla Higuitani dog‘da qoldirib, Kamerunni oldinga olib chiqdi.
Oradan ikki daqiqa o‘tib, Higuita to‘p bilan Kolumbiya yarim maydonining yuqori qismida paydo bo‘ldi. U to‘pni jamoadoshiga uzatmoqchi bo‘ldi, biroq uzatma noaniq chiqdi.
Milla to‘pni egallab, darvozaga qarab yugurdi. Higuita vaziyatni tuzatishga urindi, ammo hujumchi uni aldab o‘tib, ikkinchi golni urdi.
Kolumbiya mundialni tark etdi.
Shunga qaramay, terma jamoa mamlakatga qaytgach, futbolchilarni minglab muxlislar qahramonlardek kutib oldi.
Pablo Eskobar bilan aloqalar

Higuitaning hayotidagi eng bahsli sahifalardan biri Pablo Eskobar bilan aloqalari bo‘lgan.
1980-yillarning oxirida «Atletiko Nasional» Janubiy Amerika futbolining kuchli jamoalaridan biriga aylandi. Klub Medellin shahrining futbol ramziga aylanayotgan bir paytda narkokartellar mamlakat futboliga katta ta’sir ko‘rsatardi.
Pablo Eskobar ham «Atletiko Nasional» bilan yaqin aloqada bo‘lgan.
1988-yilda hakam Armando Peres o‘zlarini bir nechta klublar nomidan ish yuritayotgan guruh vakillari deb tanishtirgan shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketildi. U 20 soat davomida asirlikda saqlandi.
1989-yilda esa «Atletiko Nasional» Libertadores kubogini qo‘lga kiritganidan olti oy o‘tib, hakam Alvaro Ortega otib o‘ldirildi.
Bu voqea Kolumbiya futboli uchun og‘ir oqibatlarga olib keldi va mamlakat chempionati mavsumi yakunlanmasdan bekor qilindi.
Higuitaning Eskobar bilan munosabatlari esa 1990-yillar boshida jamoatchilik e’tiboriga tushdi.
1991-yilda darvozabon Eskobarning «La Katedral» deb nomlangan shaxsiy qamoqxonasiga tashrif buyurdi. U yerdan chiqayotganida jurnalist undan Eskobar bilan do‘stmi, deb so‘radi.
«Ha. Buning g‘alati joyi yo‘q. Men hech kimdan qarzdor emasman. Jurnalistlar sarlavhalarni yaratadi. Mamlakatimiz obro‘sini ham sizlar yaxshi yoki yomon tomonga o‘zgartirasizlar», — degan Higuita.
U Eskobar bilan tanishuvi haqida keyinchalik Netflix’ning «Higuita: The Way of the Scorpion» hujjatli filmida ham gapirgan.
Higuita har doim jinoiy faoliyatga aloqador bo‘lganini rad etib kelgan.
Odam o‘g‘irlash voqeasi

1993-yil may oyida Medellinda Marcela ismli o‘smir qiz o‘g‘irlab ketildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki mototsikldagi odam avtomobilni to‘xtatib, haydovchini mashinadan tushirishgan va qizni noma’lum joyga olib ketishgan.
Marsela bir oy davomida bir xonada qamalib saqlangan.
«Har kuni menga biror yomon narsa qilishlaridan qo‘rqardim. Meni zo‘rlashlaridan yoki tirik qolmasligimdan qo‘rqardim», — deb eslagan u.
O‘g‘irlashdan ko‘p o‘tmay, «Atletiko Nasional» prezidenti Higuitaga murojaat qildi.
«Klubning ashaddiy muxlisi muammoga duch keldi», — deyishdi unga.
Higuita nima uchun bu ishga aloqador bo‘lishi kerakligini so‘raganida, unga shunday javob berildi:
«Sen taniqli va hurmatga ega odamsan. Qizga hech narsa bo‘lmasligi uchun vositachi bo‘lasan»
Higuita rozi bo‘ldi.
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, o‘g‘irlab ketilgan qiz Pablo Eskobar bilan aloqador bo‘lgan Luis Karlos Molina Yepesning qizi edi.
Molina «Atletiko Nasional»ning yirik investorlaridan biri va Medellin karteli bilan aloqador shaxs sifatida tanilgan.
O‘g‘irlab ketuvchilar qizni ozod qilish uchun 3 million dollar talab qilishgan.
Higuita muzokaralarda vositachi bo‘lishga rozi bo‘ldi va to‘lov jarayonida ishtirok etdi.
Qutqaruvchi qamoqqa tushdi
Higuita to‘lov uchun pulni olib, voqealar rivojini kutdi.
Oxir-oqibat, qizni ozod qilish jarayonida u bevosita ishtirok etdi.
Marcela bir oy davomida qamalgan xonadan chiqarilib, avtomobilga o‘tqazildi va universitet yaqinida tushirildi.
Aynan shu yerda Higuita uni olib ketishi kerak edi.
Darvozabon avtomobildan tushganida, talabalar uni o‘rab olib, dastxat so‘ray boshlashdi. Marsela ham uning oldiga kelganida, Higuita dastlab uning kimligini tushunmadi.
Vaziyatni anglagach, qizni mashinasiga o‘tqazib, ota-onasining uyiga olib ketdi.
«U ham qo‘rqayotgan edi. Menimcha, ikkimiz ham qo‘rqardik. U meni uyga xavfsiz yetkazish uchun hamma narsani qildi. Yo‘l-yo‘lakay qizil chiroqlardan o‘tdik, hatto yo‘l chetidan haydadik», — deb eslagan Marsela.
Qiz uyiga qaytarilgach, oilasi Higuitaga minnatdorchilik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qizning otasi unga taxminan 50 ming dollar bergan. Higuita pulni olishni bir necha bor rad etgan, biroq oila uni qabul qilishga ko‘ndirgan.
Shundan keyin uning muammolari boshlandi.
Higuita prokuraturaga chaqirildi. U voqea haqida tushuntirish berib, uyiga qaytishini kutgandi.
Ammo darvozabon keyingi to‘qqiz oyini qamoqda o‘tkazdi.
Prokuratura uning odam o‘g‘irlash jarayonidagi vositachilikdan moliyaviy foyda ko‘rganini va o‘sha yili kuchga kirgan qonunni buzganini ta’kidladi.
Higuita esa pul ishlash niyatida bo‘lmaganini, faqat qizning hayotini saqlab qolish uchun o‘zini xavf ostiga qo‘yganini aytdi.
Keyinchalik unga qo‘yilgan ayblovlar bekor qilindi.
Biroq politsiya undan Pablo Eskobarning qayerda yashiringanini bilishga harakat qildi.
«Ular menga: «Pabloni topshirsang, qamoqqa tushmaysan», deyishdi. Keyin meni haqorat qilishni va bosim o‘tkazishni boshlashdi», — deb eslagan Higuita.
Uning qamoqqa olinishi Kolumbiyada katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Marsela esa o‘z qutqaruvchisini televizorda jinoyatchilar bilan bog‘liq shaxs sifatida ko‘rganidan hayratda qoldi.
Higuitaning qamoqda o‘tkazgan davri uning oilasiga ham og‘ir ta’sir ko‘rsatdi.
«Chayon zarbasi»dan ham kattaroq hikoya

Higuita qamoqda bo‘lgan paytda Kolumbiya terma jamoasi tarixiy natijalarni qayd etdi.
1993-yil sentabr oyida Kolumbiya Buenos-Ayresda Argentinani 5:0 hisobida mag‘lub etib, 1994-yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi.
Uchrashuvdan so‘ng futbolchilar kiyinish xonasida Higuitaning nomini hayqirishdi. Jamoadoshlari uning ozod etilishini talab qilib, g‘alabani qamoqda bo‘lgan darvozabonga bag‘ishlashdi.
Pablo Eskobar 1993-yil dekabrida Kolumbiya kuch tuzilmalari tomonidan o‘ldirildi.
Ko‘p o‘tmay Higuita ham ayblovlarsiz ozod qilindi va yana Kolumbiya terma jamoasiga qaytdi.
Keyinchalik u reklama roligi suratga olinayotgan paytda «Chayon zarbasi» g‘oyasini o‘ylab topdi. Ikki yil davomida jamoadoshlari unga baland to‘plar uzatib, u oyoqlarini yuqoriga ko‘tarib qaytarib yurdi.
Nihoyat, 1995-yilda «Uembli»da Angliyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida Higuita futbol tarixidagi eng mashhur seyvlaridan birini amalga oshirdi.
U orqaga egilib, oyoqlarini boshining ustidan olib o‘tgan holda to‘pni qaytardi.
Bu lahza Higuitaning faoliyatidagi eng mashhur kadrga aylandi.
Ammo uning hayoti faqat «Chayon zarbasi»dan iborat emas edi.
Rene Higuita — darvozabonlik chegaralarini o‘zgartirgan, futbol maydonida tavakkal qilishdan qo‘rqmagan va hayotida futbol tarixidagi eng noodatiy voqealarni boshdan kechirgan futbolchi.
Uning hikoyasi Kolumbiya futbolining oltin davri, Pablo Eskobar davri va o‘sha yillardagi mamlakat hayotining murakkab manzarasi bilan chambarchas bog‘liq.
Shu sababli Higuita futbol tarixida nafaqat o‘zining noodatiy seyv va gollari, balki hayot yo‘li bilan ham alohida iz qoldirgan afsonalardan biri bo‘lib qoladi.