locale OZ

«Komo» qanday qilib 10 yildan kam vaqt ichida 1 million yevrolik klubdan 1 milliard yevrolik loyihaga aylandi?

Kichik italyan klubi qanday qilib quyi diviziondan Chempionlar ligasigacha yetib keldi? Sesk Fabregas boshchiligidagi «Komo»ning muvaffaqiyat siri nimada?
Eksklyuziv yangiliklar
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
«Komo» qanday qilib 10 yildan kam vaqt ichida 1 million yevrolik klubdan 1 milliard yevrolik loyihaga aylandi?
photo: gettyimages

«Komo» qanday qilib 10 yildan kam vaqt ichida 1 million yevrolik klubdan 1 milliard yevrolik loyihaga aylandi?

Kichik italyan klubi qanday qilib quyi diviziondan Chempionlar ligasigacha yetib keldi? Sesk Fabregas boshchiligidagi «Komo»ning muvaffaqiyat siri nimada?

«Komo» so‘nggi yillarda Italiya futbolidagi eng qiziqarli loyihalardan biriga aylandi. Bir necha yil avval klubning qiymati 1 million yevroga ham yetmagan bo‘lsa, bugun u Chempionlar ligasida ishtirok etmoqda va kelajakda 1 milliard yevrolik klubga aylanishni maqsad qilgan.

«Komo» o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida «Eng go‘zal manzilda eng chiroyli futbol» shioridan foydalanadi. Bu, bir qarashda, katta da’vodek tuyulishi mumkin. Biroq klub joylashgan hudud va jamoaning so‘nggi yillardagi futboli bu shiorni oqlayotgandek.

«Komo» stadioni — 13 ming tomoshabinga mo‘ljallangan «Juzeppe Sinigalya» arenasi — zamonaviylik bo‘yicha Italiyadagi eng yaxshi stadionlardan emas. Qariyb 100 yillik stadion hali ham o‘z yoshini ko‘rsatib turadi. Ammo uning joylashuvi mutlaqo noyob.

Arena mashhur Komo ko‘li qirg‘og‘ida joylashgan. Bu hudud nafaqat Italiyaning, balki butun dunyoning eng mashhur sayyohlik maskanlaridan biri hisoblanadi.

Endi esa aynan shu kichik shaharcha jamoasi Yevropaning eng nufuzli turniri — Chempionlar ligasida o‘z debyutini nishonlamoqda.

Hammasi 2019 yilda boshlandi

Komo tarixidagi katta burilish 2019 yilda yuz berdi. O‘sha paytda Indoneziyaning «Djarum Group» kompaniyasi klubni sotib oldi.

Qizig‘i shundaki, klub dastlab investorlarning asosiy maqsadi bo‘lmagan. Komo aslida futbol haqidagi hujjatli film loyihasi uchun lokatsiya izlash jarayonida e’tiborga tushgan.

«Djarum Group» vakili Mirvan Suvarso va uning hamkasblari Italiyada futbolga oid hujjatli film suratga olishni rejalashtirgan edi. Milan atrofidagi hududlarni o‘rganish davomida ular Komoga duch kelishdi.

O‘sha paytda «Komo» endigina Seriya «C1» darajasiga qaytgan, klub infratuzilmasi esa juda og‘ir ahvolda edi.

Jamoaning stadioni ta’mirtalab, mashg‘ulot bazasi doimiy emas, akademiya esa klubdan tashqarida boshqarilardi. Bundan tashqari, Komo tarixida ikki marta bankrotlik holati kuzatilgan, o‘yinlarga o‘rtacha 800 nafarga yaqin muxlis tashrif buyurardi.

Ammo yangi egalar aynan mana shu muammolarning ortida katta imkoniyatni ko‘rishdi.

photo: gettyimages

Denis Uayzning roli

Pul muammo emasdi. «Djarum Group» egalaridan Budi va Bambang Xartono aka-ukalari dunyoning eng badavlat insonlari qatoriga kiradi.

Asosiy masala esa mavjud mablag‘ni qanday to‘g‘ri sarflash edi.

Shu sababli klub rahbariyati futbol boshqaruvida katta tajribaga ega bo‘lgan sobiq Angliya va «Chelsi» yarim himoyachisi Denis Uayzga murojaat qildi.

Uayz dastlab maslahatchi sifatida ishladi, keyinchalik esa klub bosh direktori va prezidenti lavozimlarida faoliyat yuritdi.

Uning vazifasi juda oddiy, ammo murakkab edi: «Komo»ni noldan qurish.

«Klubning o‘z mashg‘ulot bazasi ham yo‘q edi. Ular yilma-yil ijaraga olinadigan maydondan foydalanishardi. Muxlislar soni atigi 800 atrofida edi»,- deya keyinchalik Uayz o‘sha davrni eslagan.

U klub akademiyasini qayta tashkil etdi, infratuzilmani yaxshiladi, muxlislar bilan aloqalarni kuchaytirdi va transferlarda katta mablag‘ sarflamasdan samarali ishlashga harakat qildi.

Bir vaqtning o‘zida «Komo»da 14 nafargacha ijaraga olingan futbolchi bo‘lgan.

Ammo bu vaqtinchalik bosqich edi. Klub asta-sekin o‘sishni boshladi.

photo: gettyimages

Sesk Fabregasning kelishi

2021 yilga kelib «Komo» yana Seriya «B»ga qaytdi. Bu klub uchun katta qadam edi.

Oradan bir yil o‘tib esa loyiha yanada katta e’tiborga tushdi.

2022 yil yozida jahon chempioni Sesk Fabregas «Komo»ga futbolchi sifatida qo‘shildi. Bundan tashqari, ispaniyalik sobiq futbolchi klub aksiyadorlaridan biriga ham aylandi.

Fabregasning «Komo»ni tanlashida Denis Uayz muhim rol o‘ynadi.

«Men pul haqida o‘ylamadim. Meni hayajonlantiradigan loyihaga qo‘shilishni istadim. Bu klubning kelajagi borligiga ishonaman»,- degan edi Fabregas.

Uayz, Suvarso va Fabregasning maqsadi bir xil edi: «Komo»ni imkon qadar yuqoriga olib chiqish.

2024 yilda bu reja amalga oshdi. «Komo» 20 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor Seriya «A»ga qaytdi.

photo: gettyimages

Fabregas — klubning asosiy figurasi

Fabregas dastlab murabbiylar shtabida yordamchi sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, amalda jamoaning futbol falsafasini shakllantirishda asosiy rolni bajara boshladi.

2024 yil yozida Denis Uayz klubni tark etganida, u «Komo»ning endilikda Fabregas yo‘nalishidan borishini aytdi.

Fabregas va Suvarso esa hamon bir xil qarashlarga ega edi.

«Bizning qarashlarimiz va maqsadimiz bir xil — imkon qadar yuqoriga ko‘tarilish. Hozir biz hali ham kichik klubmiz, ammo kelajak uchun juda katta ambitsiyalarimiz bor», degan Fabregas.

Klub rahbariyatining Fabregasga bergan asosiy topshirig‘i ham aniq edi: hujumkor va tomoshabop futbol o‘ynash.

Bu yerda maqsad faqat g‘alaba qozonish emasdi. Komo futbol orqali o‘z brendini ham rivojlantirmoqchi edi.

«Pul sarflab, qiymat yaratish»

«Komo» Seriya «A»ga chiqishi bilan transfer bozorida faol harakat qila boshladi.

Klubning xarajatlari daromadidan sezilarli darajada yuqori bo‘ldi. Seriya «B»dagi so‘nggi mavsumda «Komo»ning operatsion xarajatlari 52 million yevroni tashkil etgan bo‘lsa, operatsion daromad atigi 10 million yevro atrofida edi.

Seriya «A»ga chiqqach esa transfer xarajatlari yanada oshdi.

Bir mavsumda klubning sof transfer balansi minus 93 million yevrodan oshdi. Keyingi mavsumda esa bu ko‘rsatkich qariyb minus 109 million yevroga yetdi.

Strategiya oddiy edi: bugun katta mablag‘ sarflash, ertaga klub qiymatini oshirish.

Bu strategiya hozircha o‘zini oqlamoqda.

Fabregas boshchiligidagi «Komo» Seriya «A»ning ilk mavsumidayoq kutilmagan natija qayd etdi va chempionatni to‘rtinchi o‘rinda yakunladi.

Bu natija klub rahbariyatining o‘zini ham hayratda qoldirdi.

photo: gettyimages

Futboldan tashqaridagi katta biznes

«Komo» loyihasining eng muhim jihati shundaki, klub o‘zini faqat futbol jamoasi sifatida ko‘rmayapti.

Ular Komo ko‘lining dunyodagi nufuzidan foydalanishga harakat qilmoqda.

«Football Benchmark» vakili Antonio Di Channi ta’kidlaganidek, klub so‘nggi uch mavsumda qariyb 200 million yevro zarar ko‘rgan bo‘lsa-da, bu davrda u Seriya «A»ga chiqdi va Chempionlar ligasiga yo‘llanma oldi.

Stadion ham bosqichma-bosqich yangilanmoqda. Uning sig‘imi kelajakda 15–17 ming tomoshabinga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Biroq asosiy daromad manbalaridan biri stadionning o‘zi emas, balki Komo brendi va turizm bo‘lishi mumkin.

Komo shahriga yiliga millionlab sayyohlar tashrif buyuradi. Klub esa ushbu oqimni o‘z auditoriyasiga aylantirmoqchi.

Masalan, klubning «The Club on the Lake» nomli xususiy a’zolik klubi ham mavjud. Uning yillik a’zolik badali 4 500 yevroni tashkil etadi.

Klub shuningdek litsenziyalash biznesini faol rivojlantirmoqda.

photo: gettyimages

Gollivud yulduzlari ham «Komo»ni tanlamoqda

«Komo» stadionida so‘nggi 18 oy davomida bir qator mashhur aktyorlar ko‘rinish berdi.

Ular orasida Xyu Grant, Maykl Fassbender, Adrien Brodi, Kira Naytli, Keyt Bekinseyl, Jeff Goldblum, Benedikt Kamberbetch va Xyu Jekman kabi yulduzlar bor.

Klub prezidenti Mirvan Suvarso esa ularning tashriflari maxsus PR kampaniyasi emasligini ta’kidlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mashhurlar «Komo»ga o‘z xohishlari bilan kelishmoqda.

Bu esa klubning oddiy futbol jamoasidan xalqaro hayot tarzi brendiga aylanish yo‘lida ekanini ko‘rsatadi.

«Futbolning bosh direktori» — Fabregas

«Komo» loyihasida Fabregasning o‘rni alohida.

Klubning boshqa mashhur aksiyadorlari orasida Teri Anri ham bor. Rafael Varan esa klub direktorlar kengashida faoliyat yuritadi.

Ammo loyihaning asosiy futbol yuzi — Fabregas.

Suvarso uni «futbolning bosh direktori» deb ataydi.

Klub rahbariyatining fikricha, Fabregas nafaqat bosh murabbiy sifatida, balki klubning umumiy futbol falsafasini yaratishda ham muhim rol o‘ynaydi.

Komo uchun bu falsafa — hujumkor, zamonaviy va tomoshabop futbol.

Buning yana bir sababi bor: klub futbol orqali sayyohlarni ham jalb qilmoqchi.

Suvarsoning aytishicha, u «Komo»ni ma’lum ma’noda Disneyning biznes modeliga o‘xshatadi.

«Disney uchun Disneylend — ko‘ngilochar biznesning asosiy qismi. Biz uchun esa futbol klubi va stadiondagi «matchday» tajribasi xuddi shunday rol o‘ynaydi»,- deya tushuntirgan u.

photo: gettyimages

Xalqaro bozorga chiqish

«Komo» qisqa vaqt ichida xalqaro auditoriyani ham shakllantira boshladi.

Klub Seriya «B»da o‘ynagan paytidayoq 122 ta mamlakatga chiptalar sotgan.

Klubning elektron savdosida xorijiy xaridorlarning ulushi ham oshmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan mavsumda «e-commerce» savdosining 20 foizi xorijdan kelgan bo‘lsa, AQSHning o‘zi joriy mavsumdagi savdolarning 12 foizini tashkil qilgan.

Bundan tashqari, klub Komo shahrida o‘z do‘konlari sonini ko‘paytirdi.

Bir necha yil avval shaharda klubning umuman do‘koni bo‘lmagan bo‘lsa, hozir to‘rtta do‘kon va viloyat bo‘ylab 485 ta savdo nuqtasi mavjud.

Bu kichik futbol klubining tobora yirik xalqaro brendga aylanayotganidan dalolat beradi.

1 milliard yevrolik baho — real maqsadmi?

«Komo» prezidenti Mirvan Suvarso klub kelajakda 1 milliard yevrodan yuqori qiymatga ega bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Biroq mutaxassislar bu maqsadga hali ancha borligini ta’kidlashmoqda.

«Football Benchmark» ma’lumotlariga ko‘ra, 2024/25 yilgi mavsumda «Komo»ning daromadi taxminan 50 million yevroni tashkil etgan.

Chempionlar ligasidagi ishtirok esa klubga qo‘shimcha o‘nlab million yevro daromad keltirishi mumkin. Natijada joriy mavsumdagi umumiy daromad 100 million yevroga yaqinlashishi ehtimoli bor.

Ammo 1 milliard yevrolik bahoga chiqish uchun faqat Chempionlar ligasining bir mavsumidagi muvaffaqiyat yetarli emas.

Komo Seriya «A»da barqaror jamoaga aylanishi, muntazam ravishda Yevropa musobaqalariga yo‘llanma olishi va yuqori o‘rinlar uchun kurashishi kerak.

Shuningdek, klubning transfer siyosati ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda «Komo» futbolchilarining umumiy bozor qiymati 584,2 million yevroga baholanmoqda. Bir yil avval esa bu ko‘rsatkich 288 million yevro atrofida edi.

Bu juda katta o‘sish.

photo: gettyimages

«Komo»ni qanday kelajak kutmoqda?

«Komo» hali 1 milliard yevrolik klubga aylangan emas.

Ammo so‘nggi bir necha yil ichida amalga oshirilgan ishlar uning qanchalik tez o‘sganini ko‘rsatib turibdi.

2019 yilda qiymati 1 million yevroga ham yetmagan, Seriya «C»da ishtirok etayotgan va 800 nafarga yaqin muxlis oldida o‘ynayotgan klub bugun Seriya «A»ning eng qiziqarli jamoalaridan biriga aylandi.

Uning boshqaruvida dunyo futbolining taniqli nomlari bor. Jamoani esa jahon chempioni Sesk Fabregas boshqarmoqda.

Klubning stadioni ta’mirlanmoqda, akademiyasi rivojlantirilmoqda, merchandising tizimi kengaymoqda, xalqaro bozorga chiqish kuchaymoqda va eng muhimi — Komo ko‘lining noyob brendi futbol bilan birlashtirilmoqda.

Shu sababli «Komo»ning 1 milliard yevrolik maqsadi bugun juda uzoqdek ko‘rinsa-da, bu mutlaqo imkonsiz emas.

Agar klub futbol maydonida ham, biznesda ham hozirgi sur’atini saqlab qolsa, «Komo»ning Chempionlar ligasidagi ilk mavsumi uning Yevropa futbolidagi so‘nggi katta chiqishi bo‘lmasligi mumkin.

photo: gettyimages

Chiroyli futbol, noyob manzil va katta ambitsiyalar — «Komo» hikoyasi endigina boshlanayotgandek...

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting