Jahon futbolida eng katta maosh jamgʻarmasiga ega klublar: Saudiya grandlari Yevropani ortda qoldirmoqda
Jahon futbolida moliyaviy raqobat tobora kuchayib bormoqda. Ayniqsa, futbolchilarga toʻlanadigan maoshlar hajmi yildan-yilga oshib, klublar oʻrtasidagi iqtisodiy kurashning asosiy koʻrsatkichlaridan biriga aylangan. E'lon qilingan yangi reytingga koʻra, bugungi kunda eng katta maosh jamgʻarmasiga ega klublar roʻyxatini Saudiya Arabistoni jamoalari boshlab bermoqda.
Reytingning birinchi pogʻonasidan Saudiya Arabistonining "An-Nasr" klubi oʻrin oldi. Jamoaning yillik maosh fondi 488 million dollarni tashkil etadi. Bu koʻrsatkichda Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi jamoa nafaqat Saudiya, balki butun jahon futbolida yetakchi hisoblanadi.
Ikkinchi oʻrinni Ispaniyaning qirollik klubi "Real" egallagan. Madridliklar futbolchilariga bir yilda 476 million dollar maosh toʻlanadi. Keyingi pogʻonada esa yana bir saudiyalik grand — "Al-Hilol" joylashgan boʻlib, uning maosh jamgʻarmasi 472 million dollarga teng.
Toʻrtinchi oʻrindan Angliyaning amaldagi gigantlaridan biri "Manchester Siti" joy olgan. "Shaharliklar" futbolchilari uchun bir mavsumda 399 million dollar sarflaydi. Germaniyaning yetakchi klubi "Bavariya" esa 346 million dollarlik maosh fondi bilan beshinchi oʻrinni egallab turibdi.
Eng katta maosh jamgʻarmasiga ega 10 ta klub
"An-Nasr" — 488 mln dollar
"Real Madrid" — 476 mln dollar
"Al-Hilol" — 472 mln dollar
"Manchester Siti" — 399 mln dollar
"Bavariya" — 346 mln dollar
"Arsenal" — 315 mln dollar
"Barselona" — 303 mln dollar
PSJ — 291 mln dollar
"Liverpul" — 275 mln dollar
"Chelsi" — 260 mln dollar.