Yosh bokschilarimiz Osiyoni zabt etishga tayyorlanishmoqda
30 iyuldan 12 avgustgacha Tailandning Bangkok shahrida boks bo‘yicha World Boxing tashkiloti shafeligidagi ilk Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekistonning U-22 va yoshlar terma jamoalari to‘rt tarkibda qatnashadi.
Musobaqa oldidan O‘zbekiston boks federatsiyasi binosida terma jamoa a’zolari, murabbiylar va rasmiylar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Federatsiya rahbariyati bokschilarimizga musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etish va yuqori natijalar qayd etish vazifasini qo‘ydi.
U-22 va U-19 (yoshlar) yigitlar hamda qizlar terma jamoalari tarkibida jami 40 nafardan ziyod sportchi va ularning murabbiylari Osiyoning eng kuchli bokschilariga qarshi ringga chiqishadi. Ular o‘z mahoratlarini namoyish etib, yurtimiz bayrog‘ini yanada baland ko‘tarish niyatida.