Yaponiyada ikki bokschining halok bo‘lishi sport dunyosini larzaga soldi
Yaponiya boks jamoatchiligini chuqur qayg‘uga solgan dahshatli voqea yuz berdi — Tokioda o‘tkazilgan turnirdan so‘ng ikki professional bokschi hayot bilan vidolashdi. Bu haqda Jahon boks tashkiloti (WBO) rasmiy bayonot berdi.
2 avgust kuni 29 yoshli Hirumasa Urakava sakkizinchi raundda vatandoshi Edzi Saitoga qarshi jangda texnik nokaut bilan mag‘lubiyatga uchradi. Jang davomida boshidan og‘ir jarohat olgan Urakava shifoxonaga olib ketildi. Shifokorlar uning hayotini saqlab qolish uchun kraniotomiya operatsiyasini o‘tkazishdi, biroq bosh miya ichki qon ketishi oqibatida sportchi 9 avgust kuni vafot etdi.
WBO o‘z bayonotida marhumning oilasi, yaqinlari va Yaponiya boks hamjamiyatiga chuqur ta’ziya izhor etdi.
Shu turnirda 28 yoshli Sigetosi Kotari ham og‘ir jarohat oldi. U Sharqiy va Tinch okeani boks federatsiyasining ikkinchi engil vazn chempionlik kamari uchun Yamato Hataga qarshi 12 raundlik jangda ishtirok etdi. Durang qayd etildi, Hata unvonini saqlab qoldi. Biroq bellashuvdan so‘ng Kotari shifoxonaga yotqizilib, jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi, ammo bir necha kundan so‘ng u ham hayotdan ko‘z yumdi.
Bu voqealar Yaponiyada boksda xavfsizlik talablari kuchaytirilishi masalasini yanada dolzarb qildi. Mutaxassislar jangchilar salomatligini muhofaza qilish uchun janglardan oldin va keyin tibbiy nazoratni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidlamoqda.