World Boxing kubogini ikki g‘alaba va bir mag‘lubiyat bilan boshladik
Braziliyada davom etayotgan World Boxing kubogi doirasida kecha 3 nafar bokschimiz musobaqadagi o‘zlarining ilk janglarini o‘tkazishdi.
Xususan, -51 kgdagi vakilamiz Feruza Kazakovaga eski tanishi germaniyalik Mahi Klotzer raqib bo‘ldi. Referi Feruzani taqiqlangan harakatlarni ko‘p qildi deb topdi va 2 ochkoni olib tashladi. Afsuski, ushbu omil vakilamizning mag‘lubiyatiga sabab bo‘ldi. Yakuniy hisob 0:5 ko‘rinish oldi.
-48 kgda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Farzona Fozilova ham dastlabki jangini o‘tkazdi. U marokashlik Wissal Fakhrga qarshi ringga ko‘tarildi. Butun raundlar mobaynida faol va aniq harakatlari evaziga Fozilova raqibasini 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Shu tariqa Farzona keyingi bosqichga yo‘l oldi.
World Boxing kubogida -65 kg vazn toifasidagi vakilamiz Navbahor Hamidova ham o‘z yurishini boshladi. U ilk bosqichda shvetsariyalik Anna Jenniga qarshi bahs yuritdi. Kutilganidek, Navbahor 4:1 hisobida g‘alaba qozondi va navbatdagi bosqichga yo‘l oldi.